“Sotka”ga mixlangan bolalar

15:40 05 Fevral 2026 Jamiyat
198 0

Avtobusda ketayotib, chamasi besh-olti yoshli bolaning onasiga qilayotgan xarxashasi eʼtiborimizni tortdi. Nuqul ayasining sumkasiga qoʻl choʻzar, ayol esa uni ovutishning yoʻlini bilmay xijolatda edi. Nihoyat, bola niyatiga yetdi. Sumkadagi uyali telefon qoʻliga tekkach, tinchidi – qoldi. Shahardan tuman markazigacha boʻlgan bir soatlik yoʻl davomida undan koʻzini uzmadi.

– Hozirgi bolalarning tili “sotka” deb ataladigan shu matoh bilan chiqayapti, – dedi bu holatni kuzatib turgan hamrohimiz, gʻijduvonlik pedagog Shuhratjon Gʻaniyev. – Vaholanki, ertaga maktab yoshiga yetgach, bunday bolaning oʻy-xayoli kitobda emas, telefonda boʻladi. Kitob mutolaasi hali miyasi moʻrt bolani fikrlashga oʻrgatadi, oq-qorani tanitadi. Bilimiga bilim qoʻshadi. Qoʻl telefoni –chi? U bor joyda bolaning diqqati chalgʻiydi. Darslarni chuqur oʻzlashtirishiga xalaqit beradi. Ijtimoiy tarmoqlarga ipsiz bogʻlanib qolgan, miyasini kerak – nokerak axborotlar bilan toʻldirayotgan bolaning maʼnaviyati qanday boʻladi? Shuning oʻzi jiddiy bir ogʻriqli masala.

Muallimning xavotirida jon bor. Afsuski, ayrimlar “Qulogʻim tinch boʻlsin”, “Xarxasha qilmasin”, “Asabimga tegmasin”, degan vajlar bilan hali endigina tili chiqqan bolasiga ham qoʻl telefonini berib qoʻymoqda. Oqibatda ayrim jajji oʻgʻil – qizlar qoʻlida “sotka”ga boʻlmasa bir narsasini yoʻqotib qoʻygan kabi oʻzini qoʻyarga joy topolmaydigan holatga tushmoqda. Tajang va serxarxasha, “qilma – qoʻyma”ni bilmaydigan boʻlib oʻsayapti.

U va boshqa elektron ekranlarning bola sogʻligiga, deylik, miya rivojiga, ruhiy salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi ham bor gap.

– Soʻnggi yillarda yosh bolalar orasida telefon, planshet va boshqa elektron qurilmalardan huda-behuda foydalanish holatlari keskin ortib bormoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali oftalmologi Sherzod Choʻliyev. – Bu holat koʻzga salbiy taʼsir koʻrsatib, bir qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻlyapti. Astenopiya yaʼni koʻz charchashi, koʻrish oʻtkirligining pasayishi, miopiya yaʼni yaqinni yaxshi koʻrish, quruq koʻz sindromi, bosh ogʻrigʻi, diqqatning susayishi shular jumlasidan. Ekranga uzoq muddat tikilib turish bola koʻzida koʻrish nuqsonini yuzaga keltiradi.

Shu boisdan ularning ekran oldida oʻtirish vaqtini cheklash, har 20 – 30 daqiqada koʻzni dam oldirish, masofani toʻgʻri saqlash, yorugʻlik darajasiga rioya etish hamda bolalarni ochiq havoda koʻproq harakat qilishga undash kerak. Profilaktika maqsadida oftalmolog koʻrigidan muntazam oʻtib turish ham muhim ahamiyatga ega.

Ayrim psixologlar esa ijtimoiy tarmoqlarning yosh bola ongu shuuriga tuzalmas ziyon yetkazishi ehtimolini nazarga tutib, ularga “koʻrinmas ofat”, deya baho berishmoqda. Aytmoqchi, bu ofat oqibatini dunyoning rivojlangan davlatlari allaqachon oʻzlarida his etishdi. Deylik, shuni hisobga olgan holda Avstraliya hukumati 16 yoshga toʻlmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga taqiq qoʻydi. Bu davlat tajribasini kuzatib borayotgan Fransiya, Ispaniya, Malayziya, Indoneziya va hatto AQSHning bir qator shtatlarida oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklov qoʻyish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Buyogʻiga xulosa yasash esa oʻzingizga havola.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?