Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF–217-son Farmoniga muvofiq, iqtisodiyotning strategik jihatdan muhim sektori sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini taʼminlash, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, koʼrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda milliy turistik mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;
(b) chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, toʼlov qobiliyati yuqori boʼlgan turistlar oqimini koʼpaytirish;
(v) turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd АQSh dollaridan oshirish;
(g) Oʼzbekistonning turistik shaharlari oʼrtasidagi transport bogʼlanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini koʼpaytirish hamda yoʼlga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;
(d) 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;
(j) turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini toʼliq ishga solish;
(z) jahonda keng taniladigan Oʼzbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.
II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish
2. Quyidagilar:
(a) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasi faoliyatining asosiy yoʼnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
(a) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasi (keyingi oʼrinlarda – Qoʼmita) turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish boʼyicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
(b) Qoʼmita oʼz vakolatlari doirasida umummajburiy boʼlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;
(v) Qoʼmita raisi:
(i) belgilangan tartibda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(ii) Qoʼmita va uning tizimidagi tashkilotlar ishini toʼgʼri va samarali tashkil etish, bu orqali ularning faoliyatini natijadorlikka yoʼnaltirish, shuningdek, ushbu yoʼnalishda belgilangan maqsadli koʼrsatkichlarga soʼzsiz va toʼlaqonli erishishni taʼminlash uchun masʼul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi;
(g) Qoʼmita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʼmitasining huquq va majburiyatlari boʼyicha vorisi hisoblanadi.
III. Turistik oqimni oshirish
4. Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida:
(a) Qoʼmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʼyicha oʼrinbosari lavozimi kiritilsin;
(b) Qoʼmitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari (keyingi oʼrinlarda – vakolatxonalar) 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;
(v) vakolatxonalar oʼzi faoliyat yuritadigan davlatlarda 4-ilovada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi belgilansin;
(g) Qoʼmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʼyicha oʼrinbosari “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.
5. Qoʼmita:
(a) Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
(i) Oʼzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar roʼyxatini kengaytirish, Oʼzbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida boʼlish bilan bogʼliq tartib-taomillarni soddalashtirish;
(ii) respublikaning turizm-transport logistikasini rivojlantirish boʼyicha puxta ishlab chiqilgan takliflarni;
(b) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar Oʼzbekiston Respublikasi turizm sohasini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasini;
(v) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha moʼljallangan turistik xizmatlar bozorlarida marketing strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(i) milliy turistik mahsulotlarni faol sayohat qiluvchi aholiga ega xorijiy davlatlarda ommalashtirish;
(ii) turizm sohasida targetlangan reklama tizimini keng joriy etish.
6. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi Madaniy meros agentligi, Qoʼmita bilan birgalikda turistlarni jalb qilish boʼyicha qoʼshimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida 2026–2028-yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
(a) Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy obyektlarni bogʼlovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish boʼyicha “Samarqandning meros yoʼli” loyihasini;
(b) aholining turmush tarzi, savdo va xizmat koʼrsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uygʼunlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qalʼa majmuasini jahonda yagona boʼlgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish;
(v) Toshkent shahri boʼyicha:
(i) modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi roʼyxatiga kiritish boʼyicha materiallar taqdim etish;
(ii) eng koʼp mozaikalar bor shahar sifatida jahon miqyosida eʼtirof etilishiga erishish.
7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoʼmita hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda quyidagi tartibda jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-koʼngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida (atroflarida) milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlarni tashkil etish choralarini koʼrsin:
(a) birinchi bosqichda (2030-yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;
(b) ikkinchi bosqichda (2030-yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori boʼlgan boshqa aholi punktlarida.
IV. Turizm sohasini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash
8. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil 1-fevraldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun toʼlangan qoʼshilgan qiymat soligʼi summasini qaytarish ularning xohishiga koʼra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin;
(b) 2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) mablagʼlari hisobidan:
(i) turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʼliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʼmdan koʼp boʼlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;
(ii) mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʼyxatda nazarda tutilgan xalqaro eʼtirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bogʼliq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
(v) 2026-yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferentsiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan toʼlangan qoʼshilgan qiymat soligʼi summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi;
(g) 2027-yil 1-yanvarga qadar ushbu qarorga 5-ilovada nazarda tutilgan tartibga rioya qilgan holda:
(i) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi;
(ii) Qoraqalpogʼiston Respublikasida roʼyxatga olinib, litsenziyaga ega boʼlgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʼlmagan yuqori oʼtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yigʼimini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga boʼlib-boʼlib toʼlashga ruxsat etiladi;
(iii) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qatʼi nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi;
(d) 2030-yil 1-yanvarga qadar “Brand Finance” kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brendni jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik subyektlari mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib keladigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona bojini toʼlashdan ozod etiladi.
9. Belgilansinki:
(a) Qoʼmita respublika hududida oʼz filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi;
(b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar summasi:
(i) 3 milliard soʼmgacha boʼlsa – 10 foiz;
(ii) 3 milliard soʼmdan 5 milliard soʼmgacha boʼlsa – 15 foiz;
(iii) 5 milliard soʼmdan 10 milliard soʼmgacha boʼlsa – 20 foiz;
(iv) 10 milliard soʼmdan ortiq boʼlsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan qoplab beriladi;
(v) 2026-yil 1-martdan boshlab nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar oʼtkazgan holda Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita Oʼzbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi hududida, oʼz pavilonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq toʼlash tartibi joriy etiladi.
V. Turizm sohasini raqamlashtirish
10. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) ishga tushiriladigan milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi orqali:
(i) xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib oʼtishda yigʼiladigan maʼlumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha boʼlish joyi boʼyicha roʼyxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;
(ii) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yoʼnalishini tuzish, eng maqbul yoʼnalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;
(iii) chipta xoʼjaligi joriy qilingan barcha turizm obyektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros obyektlari, madaniyat, koʼngilochar va dam olish obyektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega boʼlgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;
(iv) ekskursiyalar oʼtkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik obyektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;
(v) joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʼim billing tizimi orqali avtomatik tarzda toʼgʼridan-toʼgʼri Jamgʼarmaga oʼtkaziladi;
(b) aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish “Soliq” mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini koʼrsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
11. 2026-yil yakuniga qadar milliy turizm yagona platformasi doirasida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilgan holda respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlarini tahlil qilish, personallashtirilgan marshrutlar va takliflarni yaratish, shuningdek, narx shakllanishi va resurslar taqsimlanishi kabi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt va katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etilsin.
VI. Sohada kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish
12. Turizm xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida turizm sohasi subyektlari xodimlarining malakasini oshirish (1 oygacha) hamda ularni qayta tayyorlash (8 oygacha) oʼquv kurslari tashkil etilsin.
VII. Jamgʼarma xarajatlarini maqbullashtirish
13. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) Jamgʼarma kengashi tuzilib, uning ijobiy qarori boʼlmagan loyihalarni moliyalashtirish byudjet hamda smeta-shtat intizomini buzish hisoblanadi, bundan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan loyihalar hamda Qoʼmita, shu jumladan, uning tizim tashkilotlari va hududiy boʼlinmalarini saqlash bilan bogʼliq xarajatlar mustasno;
(b) Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning natijadorligi Jamgʼarma kengashi tomonidan doimiy ravishda baholab boriladi;
(v) Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʼarmasiga turistik (mehmonxona) yigʼimdan kelib tushadigan tushumlardan oʼtkaziladigan mablagʼ miqdori amaldagi 10 foizdan 5 foizga kamaytiriladi.
14. Qoʼmita Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʼarma manbalari hisobidan vazirlik va idoralarga ajratmalarni bekor qilish yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasiga taklif kiritsin.
VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
15. Turizmni jadal rivojlantirish va ushbu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish boʼyicha “yoʼl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʼyicha departamenti huzurida Turizm sohasidagi islohotlar shtabi faoliyati yoʼlga qoʼyilsin.
17. Belgilansinki:
(a) Turizm sohasidagi islohotlar shtabi hududlar, tarmoqlar hamda yirik turistik obyektlar kesimida turizm sohasidagi masalalarni monitoring qilish va hal qilish, yangi imkoniyatlarni aniqlash hamda ishga solish choralarini koʼrib boradi;
(b) Turizm sohasidagi islohotlar shtabiga jalb qilingan (xizmat safariga yuborilgan) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq toʼlash va ularni moddiy ragʼbatlantirish miqdorlari va shartlari toʼliq saqlab qolinadi hamda xizmat safari davomida ularning asosiy ish joyi boʼyicha byudjet tashkilotlarining mavjud tasdiqlangan byudjet parametrlari va byudjetdan tashqari mablagʼlari doirasida oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama toʼlanadi.
18. Qoʼmita:
(a) bir oy muddatda Turizm qoʼmitasi toʼgʼrisidagi nizomni;
(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Qoʼmita Toshkent shahri Аmir Temur shoh koʼchasi 107b-uy manzili boʼyicha joylashtirilsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Turizm qoʼmitasi raisi belgilansin.
21. Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.N. Аripov hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʼyicha departamenti boshligʼi G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring