Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Kambagʻallikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumning ochilish marosimida soʻzlagan nutqi

Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Sizlarni mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uchinchi bor oʻtkazilayotgan xalqaro forumda chin dildan qutlashdan gʻoyat mamnunman.
Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir janoblariga, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ing-Ming Yang janoblariga, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto xonimga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Kaxa Imnadze janoblariga, Jahon bankining kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva janoblariga va barcha mehmonlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminiga, betakror Namangan diyoriga xush kelibsiz!
Qadrli doʻstlar!
Xabaringiz bor, bundan oʻn yil oldin Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida muhim hujjat qabul qilingan edi. 2030-yilgacha global miqyosda kambagʻallikka barham berish ushbu maqsadlarning birinchisi sifatida belgilab olingan.
Barchamiz koʻrib turibmiz, hozirgi vaqtda insoniyat oqibatini oldindan aytib boʻlmaydigan oʻta keskin va murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda.
Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli oldimizda ogʻir va mashaqqatli sinovlar paydo boʻlmoqda.
2015-yildan buyon global iqtisodiy oʻsish surʼati oʻrtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi oʻn yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambagʻallikda yashagan boʻlsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.
Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qoʻyib, ularga yechim topish boʻyicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.
Bugungi anjumanimizda qatnashayotgan 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ilgari suradigan taklif va tashabbuslar ushbu muammolarga kompleks yechim topishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Yangi Oʻzbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi sakkiz yilda odamlarning haq-huquqini himoya qilish, ularni munosib ish joyi bilan taʼminlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlarni amalga oshirdik. Barcha saʼy-harakatlarimiz har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirishga qaratildi.
Eng murakkab davrda kambagʻallikka qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqib, uni umummilliy harakatga aylantirdik. Ochiq aytish kerak, oʻsha paytda bizda kambagʻallik darajasini baholash boʻyicha aniq mezon va metodologiya yoʻq edi. Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari bilan hamkorlikda xalqaro tajriba asosida kambagʻallikning milliy mezonlarini ishlab chiqdik.
Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlmasligini qatʼiy belgilab qoʻydik.
Ekspertlarning hisob-kitobiga koʻra, bu ishlarni boshlaganimizda aholimizning uchdan bir qismi kambagʻallik chegarasida yashardi.
Izchil islohotlarimiz tufayli 7,5 million aholi kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirishni maqsad qilganmiz.
Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Oʻtgan davrda iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Biz yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan oʻtkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni oʻrganib, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston modelini yaratdik. Avvalo, oʻtish davrining muhim instrumenti boʻlgan manzilli ijtimoiy daftarlarni joriy etib, barcha ehtiyojmand oilalarni qamrab oldik.
Birgina misol, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.
Qanday ogʻir boʻlmasin, izlanib, imkon topib, bu maqsadlar uchun jami 8 milliard dollarlik mablagʻ va imtiyozlar berdik. Natijada 5 million 200 ming nafar odamni “kambagʻallik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qildik va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldini oldik.
Jamiyatning eng quyi boʻgʻinigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimini yoʻlga qoʻyganimiz oʻzini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratdik.
Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yoʻnaltiryapmiz.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun, 235 ming gektar paxta va gʻalla maydonini qisqartirib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmini joriy qildik. Bu ishlarimiz 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam boʻldi.
Lider tadbirkorlar koʻmagida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli sotib olish tizimini yoʻlga qoʻydik.
Muhimi, aholini kambagʻallikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning oʻz tajribasi paydo boʻldi.
Bugungi forumga mezbonlik qilayotgan Namanganda ham kichik biznes, hunarmandchilik, zamonaviy sanoat zonalarini rivojlantirish boʻyicha namuna yaratildi.
Bir soʻz bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar oʻz hayotida his etmoqda. Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlarimiz hisobiga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda.
Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz.
2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga koʻra, Oʻzbekistonda mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor va biz buni albatta uddalaymiz!
Aziz mehmonlar!
Oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishish uchun yettita ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirmoqdamiz.
Eng avvalo, kambagʻal aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratyapmiz.
Faol investitsiya siyosatimiz tufayli shu yilning oʻzida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrni tashkil etilmoqda.
Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga oʻtgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻldi.
Eʼtiborlisi – davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda koʻmakchi boʻlmoqda. Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning oʻzida 270 mingdan ziyod kambagʻal oila aʼzosi doimiy ishli boʻldi.
Biz hozirgi texnologiyalar asrida IT, sunʼiy intellekt, fintex kabi odamlarga yuqori daromad keltiradigan sohalarda startaplar ekotizimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdamiz.
Yil boshidan buyon startaplarga 270 million dollar yoki oʻtgan yilga nisbatan 4 barobar koʻp xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirib, birgina Jahon banki bilan hamkorlikda qiymati 100 million dollar boʻlgan yangi loyihalarni boshlayapmiz.
Biz mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlayapmiz. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yoʻl qurilishi, tibbiyot va taʼlim xizmatlarini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega.
Ushbu loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishga ulkan hissa qoʻshayotgan bank prezidenti Muhammad al-Jassir janoblarining xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.
Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bunday keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda bizga yaqindan koʻmaklashayotgan barcha xalqaro moliya institutlari va hamkor davlatlar delegatsiyalariga samimiy tashakkurimni izhor etaman.
Ikkinchidan, odamlarning bilimini oshirmasdan, ularni “kambagʻallik girdobi”dan chiqarish imkonsizdir.
Shu bois sifatli taʼlim asosida inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambagʻallikni qisqartirishning asosiy “drayveri” boʻlib qoladi.
Birgina misol, bolalarimizning bogʻchalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollarimiz taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganish va daromad topish imkoniga ega boʻldi. Biz bu ishlarni davom ettirib, kambagʻal oilalar farzandlarini maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar oʻrganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizini qoplab beramiz va bu orqali 100 mingta kambagʻal oila farzandlarini qamrab olamiz.
Har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli yigit yoki qiz boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlarini koʻpaytiramiz.
Soʻnggi besh yilda 800 mingdan ziyod aholini zamonaviy kasblarga oʻrgatib, ularni yuqori daromadli ishlarga joylashtirdik. Kelgusida bu amaliyotni yanada kengaytiramiz. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlarini tashkil etib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berishni yoʻlga qoʻyamiz.
Uchinchidan, biz xotin-qizlarni jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish masalasini ham davlat siyosati darajasiga olib chiqdik.
Bundan bir asr oldin buyuk ajdodimiz Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan koʻproq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, - degan.
Bu soʻzlar naqadar toʻgʻri ekanini bugun hayotning oʻzi yana bir bor tasdiqlamoqda.
Shu bois biz xotin-qizlarga oliygohda oʻqish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul taʼlim olish tizimini joriy etdik. Bugungi kunda talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, shu yilning oʻzida 1 million 700 ming ayol ishli boʻlgani quvonarlidir. Bu ishni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlarni IT, fintex va sunʼiy intellektga oʻqitamiz.
Xotin-qizlar jamiyatning barcha boʻgʻinlarida oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Bu yil ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollar ajratdik. Ushbu mablagʻlarni yanada koʻpaytirib, kelgusi yili yana 2 million ayol doimiy daromadli boʻlishi uchun sharoit yaratamiz.
Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sugʻurta tizimi qamrovini keskin oshiramiz. Bu – ularning kambagʻallikka tushib qolmasligini kafolatlaydi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish boʻyicha yangi-yangi tajribalarni oʻrtoqlashish maqsadida kelgusi yili Namanganda oʻtadigan Osiyo ishbilarmon ayollar forumiga barchangizni taklif qilaman.
Toʻrtinchidan, inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarib boʻlmaydi.
Bu borada 140 ming kambagʻal oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni yoʻlga qoʻydik. Endi, kafolatlangan tibbiy xizmatlarni koʻpaytirib, kambagʻal oilalarning bunga sarf qiladigan xarajatini 2 karra qisqartiramiz. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.
Beshinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash – kambagʻallikka qarshi kurashda asosiy yoʻnalishlardan biri.
Biz bu tizimni tubdan isloh qilib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida boʻlgan vakolatlarni yagona – Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirdik.
Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida koʻrsatadigan “Inson” markazlarini tashkil qildik. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv usulda ishlamoqda.
Shu yilning oʻzida 2 million 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatildi. Ayniqsa, kambagʻal oilalarning parvarishga muhtoj aʼzolariga yangi ijtimoiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyganimiz, 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkonini yaratdi.
Biz bu yoʻnalishdagi ishlarimizni kelgusida yanada keng koʻlamda davom ettiramiz.
Jahon banki bilan ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida 100 million dollarlik loyihani boshladik.
Imkoniyati cheklangan aholining kambagʻallikka tushib qolish ehtimoli yuqori. Shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish boʻyicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqdik.
Munosib mehnat sharoitini yaratganimiz uchun bu yil nogironligi bor 150 ming nafar shaxs ishga joylashdi. Ularga hayotiy zarur tibbiy jihozlar, kolyaska va protezlar bepul yetkazib berilmoqda.
Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy taʼlim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlarni amalga oshiryapmiz.
Oʻzbekistonda ogʻir vaziyatga tushib qolgan bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ularni zoʻravonlikning har qanday koʻrinishidan himoya qilish borasida yangi tajriba yaratildi.
Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoitlar yaratish – koʻp oʻlchovli kambagʻallikni qisqartirishda muhim qadam boʻladi.
Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan, sharoiti ogʻir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilayapmiz. Natijada shu yilning oʻzida 470 ming xonadonga qarashli tomorqaga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.
Kelgusi yili mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratyapmiz. Bunda 32 ta tuman va ijtimoiy sharoiti ogʻir 328 ta mahallani tanlab, ularni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilamiz. Bu – yangi tajriba boʻladi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yoʻl, maktab va bogʻcha qurish boʻyicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.
Xalqaro moliya institutlari rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambagʻallikni qisqartirish talabini kiritsa, oʻylaymanki, bu ham maqsadga muvofiq boʻladi.
Yettinchidan, bizdagi davlat xarajatlarining 70 foizdan ortigʻi aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.
Shu bilan birga, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablagʻ zarur. Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish boʻyicha “kambagʻallikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilmoqda.
Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida 2026-yilda koʻhna Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi konferensiya oʻtkazishni taklif qilamiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Inson qadrini ulugʻlash orqali odamlar uchun munosib sharoit yaratish, bu borada kambagʻallikni qisqartirish – Yangi Oʻzbekistondagi barcha islohotlar zamiridagi bosh maqsaddir.
Aminman, Oʻzbekiston ortga qaytmas islohotlar yoʻlidan qatʼiy borib, kambagʻallikni qisqartirish borasida ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq erishish boʻyicha ham barcha majburiyatlarini bajarishga harakat qiladi.
Bugungi anjuman barchamiz uchun sermahsul va foydali muloqot maydoniga aylanadi va men bunga ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, gʻoyat sharafli va olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring