Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi yakunlandi

09:16 04 Dekabr 2025 Siyosat
118 0

Joriy yilning 1-3-dekabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Vengriyada rasmiy tashrif bilan boʻldi.

Tashrif doirasida parlament delegatsiyasi Vengriya Prezidenti Tamash Shuyok bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning soʻnggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib borayotgani, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi. Shuningdek, 2026-yil Oʻzbekiston va Vengriya madaniyat, fan va innovatsiyalar yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan ikki mamlakatda oʻtkaziladigan yirik tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.

Delegatsiya Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Laslo Kyover bilan ham uchrashdi. Parlamentlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, savdo hajmining barqaror oʻsishi, qoʻshma investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi alohida qayd etildi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Delegatsiya aʼzolari “Oʻzbekiston-Vengriya” biznes tadbirida ishtirok etdi. Tadbir doirasida Vengriyaning HEPA agentligining Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha vakolatxonasi rasman oʻz faoliyatini boshladi. Mazkur agentlik Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tashrif mobaynida parlament delegatsiyasi Vengriyaning yirik 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Gellert Yaszai bilan ham uchrashdi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiya va texnologiya loyihalari, IT infratuzilmasi, telekommunikatsiya, kosmik texnologiyalar, raqamli xizmatlar va sunʼiy yoʻldosh kuzatuvi masalalari muhokama qilindi. Qoʻshma loyihalarni davom ettirish va axborot almashuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Delegatsiya aʼzolari Budapeshtdagi yirik farmatsevtika korxonalari, iqtisodiy infratuzilma bilan ham tanishish imkoniga boʻldi.

Shuning bilan Oʻzbekiston parlament delegatsiyasining Vengriyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?