Oʻzbekiston IHT mamlakatlari Turizm vazirlarining IV yigʻilishiga raislik qildi
Tadbir doirasida Shahrisabz shahri 2024-yil IHT turizm poytaxti deya eʼlon qilindi.
Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ga aʼzo davlatlar Turizm vazirlarining IV yigʻilishi onlayn formatda boʻlib oʻtdi. Tadbir IHTda “2022-yil – oʻzaro aloqalarni mustahkamlash yili” kontseptsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston raisligida oʻtkazildi.
Yigʻilishda tashkilotga aʼzo davlatlarning turizm idoralari rahbarlari va IHT Madaniyat Instituti prezidenti ishritok etdi. Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov raislik qildi.
Maʼlumot uchun, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga Oʻzbekiston, Turkmaniston, Turkiya, Eron, Tojikiston, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Ozarbayjon mamlakatlari kiradi.
IV yigʻilish kun tartibidan “IHT mintaqasida COVID-19 pandemiyasidan keyin turizm sohasini jadal tiklash, xavfsiz va barqaror rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, “IHT turizm poytaxti” nomzodlari, “ECO Vision 2025” mandatlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti hamda IHTga aʼzo davlatlarning “Samarqand Deklaratsiyasi” oʻrin oldi.
Aziz Abduhakimov yigʻilish ishtirokchilarini Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy yil natijalari va davlat rahbari tomonidan kelgusi yilga qoʻyilgan aniq rejalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, 450 millionga yaqin aholiga ega IHT hududi yirik turizm bozori ekanligi, koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash orqali turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishga doir takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, Tashkilotga aʼzo davlatlar turizm sohasi rahbarlari 2023-yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi va uning doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarda faol ishtirok etish uchun taklif qilindi.
Oʻz navbatida, IHT Bosh kotibi va aʼzo davlatlarning delegatsiya rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi raisligi doirasida ilgari surilgan tashabbuslar barcha davlatlar turizm sohasi manfaati yoʻlida xizmat qilishi, koʻp tomonlama aloqalarning yanada jadallashishiga hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Yigʻilish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan qator tashabbus va hujjatlar tasdiqlandi. Bular:
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida oʻtgan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining XV sammiti doirasida ilgari surilgan tashabbusga koʻra, “IHT mintaqasida COVID-19dan keyin turizmni jadal tiklash, xavfsiz va barqaror rivojlantirish “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
— IHTga aʼzo davlatlar boy tarixiy va madaniy merosini eʼtirof etish, turizm sohasining iqtisodiy va barqaror rivojlanish, xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlikni taʼminlashda asosiy omil sifatida taʼkidlash, aʼzo davlatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va pirovard maqsadlarni belgilovchi “Samarqand deklaratsiyasi” tasdiqlandi.
— Tashkilot aʼzolari tomonidan 2000-yillik tarixga ega, UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Shahrisabz shahri 2024-yilda IHT turizm poytaxti sifatida maʼqullandi.
“Barcha yurtdoshlarimizni Shahrisabz shahri 2024-yilda IHT turizm poytaxti deya eʼlon qilingani bilan tabriklaymiz! Bu qarorning qabul qilinishida Oʻzbekistonda Prezidentimiz boshchiliklarida turizm va madaniy meros sohasi rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosi, Ipak yoʻlida turizmning rivojlanishidagi oʻrni va sohani barqaror rivojlantirish salohiyati inobatga olindi. Zero Shahrisabz 2000-yillik tarixga ega boʻlib, UNESCOning Butunjahon merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan”, – dedi Aziz Abduhakimov.
Oʻz navbatida, Shahrisabzning ushbu maqomni olishini keng miqyosda nishonlash koʻzda tutilgan. Qolaversa, shaharda va butun Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yoʻnalishlarda salohiyatni yuksaltirish, hududning nomoddiy merosini keng ochib beruvchi madaniy tadbirlar, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish boʻyicha alohida dastur amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Tadbir yakunida IHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi raisligida ilgari surilgan takliflar va qabul qilingan hujjatlar turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi pogʻonaga olib chiqishiga ishonch bildirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring