O‘zbekiston hududi orqali maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati 90 kun etib belgilanmoqda

Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda davlatimiz manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, respublikada aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida aniq maqsadga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizda maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bog‘liq ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish, shuningdek iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash mexanizmlarini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Amaldagi “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi Qonunda tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran 30 kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda esa mazkur muddat uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.
Shu munosabat bilan muhokama qilingan Qonun bilan “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi Qonunga tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddati ko‘pi bilan 90 kun etib belgilanmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi nazarda tutilmoqda, mazkur muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirish mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring