“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq oʻtkazilgan prezidentlik saylovi yana bir bor jamiyatimizning siyosiy yetukligi, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimiz toʻliq qoʻllab-quvvatlaganidan dalolat bermoqda.
Shu bilan birga, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish talab etilmoqda.
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha xohish-irodasini roʻyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash maqsadida:
1. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida quyidagi asosiy gʻoyalar aks ettirilganligi inobatga olinsin:
barqaror iqtisodiy oʻsish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin olish;
aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish;
aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;
mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash.
2. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilansin hamda bu boʻyicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklansin;
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan va amalga oshirilishi davom etayotgan, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan barcha maqsadlarga erishish va dolzarb vazifalar bajarilishi taʼminlansin.
3. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi (A.Aripov) zimmasiga:
a) “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, shuningdek, uni amalga oshirish boʻyicha tegishli yillik dasturlarni tayyorlash va ijrosini muvofiqlashtirish;
b) “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar boʻyicha tadbirlarning aholi tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar asosida sifatli amalga oshirilishi, belgilangan koʻrsatkichlarga erishilishini nazorat qilib, natijasi yuzasidan har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilishini taʼminlash;
v) ikki oy muddatda:
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining joylarda amalga oshirilishi natijalari tanqidiy oʻrganilishini;
aholi oʻrtasida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish natijalari keng muhokama qilinishi, fuqarolarning mazkur masala boʻyicha takliflari tizimlashtirilgan holda tahlil etilishini;
oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli omillarni aniqlash va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida ularning oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrilishini taʼminlash vazifalari yuklansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalari rahbarlarining axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
5. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni bajarish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ijrosi, tegishli maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi va ular doirasida normativ-huquqiy hujjatlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi ustidan nazoratni quyidagi tartibda amalga oshirish belgilansin:
a) Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni tegishli yillarda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishini tizimli monitoring qilib, uning natijalarini har oyda Respublika komissiyasiga kiritib boradi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari oʻz hududlarida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosining tegishli yillarda hududlar kesimida amalga oshirilishi boʻyicha har chorakda nazorat tadbirlarini oʻtkazadi;
v) Vazirlar Mahkamasi har oyda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishini Bosh vazir oʻrinbosarlari huzurida tanqidiy koʻrib chiqishni taʼminlaydi, har chorakda Hukumat majlislarida muhokama qilib boradi hamda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan Hukumat aʼzolariga, shu jumladan, vazirlarga nisbatan tegishli choralar koʻradi hamda har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishi yuzasidan hisobot taqdim qiladi.
6. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) bir oy muddatda:
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-2024-yillarda hududlar kesimida amalga oshirish chora-tadbirlari boʻyicha Hukumat qarorlari qabul qilinishini;
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidagi yoʻnalish va maqsadlardan kelib chiqqan holda Bosh vazir oʻrinbosarlariga biriktirilgan tarmoq va sohalar kesimida aniq vazifalar belgilanishini taʼminlasin.
7. Adliya vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishiga amaliy yordam koʻrsatib borsin.
8. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi — xalq strategiyasi” shiori ostida belgilangan islohotlarning izchil, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosining taʼminlanish darajasi, unda belgilangan islohotlarning sifatli amalga oshirilishini aholi tomonidan har bir maqsad va undagi koʻrsatkichlar kesimida baholash, ular yuzasidan oʻz fikrlarini qoldirish va tashabbuslar bildirish imkoniyatini yaratuvchi onlayn portalni ishga tushirsin;
har oyda baholash natijalari va aholidan kelib tushadigan fikr-mulohazalarni umumlashtirib, Respublika komissiyasiga taqdim etib borsin;
2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (J.Qoʻchqorov) bilan birgalikda har yili “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga muvofiq amalga oshirilishi boʻyicha tahlilni jamoatchilik bilan birgalikda oʻtkazish va natijalarini eʼlon qilib borish tizimini yoʻlga qoʻysin;
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni tegishli yillarda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishi yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlasin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarning ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka yetkazilishini;
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ijrosi va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati yuzasidan aholiga xolis va toʻliq maʼlumot yetkazilishini taʼminlasin.
10. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini har yarim yilda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2023-yil 11-sentabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring