“Oʻzbekiston – 2030”: Xalq farovonligi sari ishonchli qadamlar
Joriy yilning yanvar oyi boshlaridan boshlab keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan matbuot anjumanlari mazmunan boyligi va aniq maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda. Bu galgi anjuman “Taraqqiyot strategiyasi” markazida boʻlib, u “Aholi farovonligini taʼminlash, yoshlar siyosati, sport, madaniyat hamda moddiy va maʼnaviy meroslarni asrash: maqsad va vazifalar” mavzusiga bagʻishlandi. Ushbu tadbirda takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda Strategiyani amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Matbuot anjumanida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniy meros agentligi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov olib bordi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi esa barqaror iqtisodiy oʻsish, sifatli taʼlim va tibbiyot, ijtimoiy himoya, ekologiya, adolatli davlat boshqaruvi kabi ustuvor yoʻnalishlarni aniq belgilab berdi.
Shu bilan birga, dunyodagi global oʻzgarishlar, bozorlardagi beqarorlik, texnologiyalar rivoji mamlakatimizdan ham yangicha yondashuv va chuqur oʻylangan qarorlarni talab etmoqda. Shu maʼnoda, strategiyani takomillashtirish va jamoatchilik fikrini inobatga olish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari Alisher Muratov mutlaq kambagʻallikni 0 foizga tushirish, ishsizlik darajasini 4 foizgacha kamaytirish, 700 ming nafar fuqaroni kasb va xorijiy tillarga oʻqitish, yoshlar ishsizligini 11 foizgacha pasaytirish rejalari haqida soʻzladi. Bu vazifalar inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan eʼtiborli.
Loyiha doirasida yoshlarni taʼlim olishi, xorij tillarini puxta oʻzlashtirishiga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Shu maʼnoda, Yoshlar ishlari agentligi vakili esa 100 ming nafar yoshni xorijiy tillarga jalb qilish, 3 million yoshga onlayn taʼlim imkonini yaratish, 400 ming yoshning bandligini taʼminlash kabi maqsadlar mamlakat kelajagi uchun nechogʻli muhim ekanini taʼkidladi.
Tadbir doirasida masʼullar tomonidan aholini sportga jalb etish, mahallalarda sport maydonchalari qurish, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish borasidagi rejalar bayon qilindi. Madaniyat vazirligi esa teatr, kino, musiqa va milliy merosni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli vazifalar bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, madaniy merosni asrash, muzeylar va arxeologiya obyektlarida ilmiy ishlar olib borish, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni xorijda oʻqitish kabi maqsadlar ham alohida qayd etildi.
Ushbu matbuot anjumani “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi xalq manfaatlariga xizmat qilayotganini, har bir sohada aniq reja va maqsadlar borligini yana bir bor koʻrsatdi. Eng muhimi, bu strategiya qogʻozda emas, amalda xalq hayotini yaxshilashga qaratilgan dastur ekanini his ettirmoqda. Ana shu ishonch va umid esa har bir yurtdoshimizni yangi marralar sari ruhlantiradi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring