Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan harbiy atamashunoslikka bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi
21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorligida “Oʻzbek harbiy atamashunosligi: bugungi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda mamlakatimizda harbiy sohada davlat tilining nufuzi, harbiy terminlarni milliylashtirish jarayoni hamda sohaning kelajakdagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olimjon Oʻsarov davlat rahbarining 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mazmunidan kelib chiqib, harbiy sohada davlat tilidan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida soʻz yuritdi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Hamid Yodgorov “Istiqlol davri harbiy atamashunosligining tarixiy ildizlari” mavzusidagi maʼruzasida oʻzbek harbiy terminologiyasining manbalari “Devonu lugʻatit turk” va “Qutadgʻu bilig” kabi yodgorliklarga borib taqalishini, Amir Temur davrida esa bu soha yanada takomillashganini taʼkidladi.
Shuningdek, Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari tomonidan yangilangan harbiy atamalarni amaliyotga joriy etish, ularni metodik jihatdan takomillashtirish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Muhokamalar davomida harbiy sohada davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, zamonaviy fan talablariga mos yangi atamalarni ishlab chiqish va ularni tatbiq etish masalalari tahlil qilindi. Tadbir yakunida soha boʻyicha ilmiy-tadqiqotlarni faollashtirish, Mudofaa vazirligi va Davlat tilini rivojlantirish departamenti oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, harbiy atamalar lugʻatini yaratish hamda uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Tadbirning badiiy qismida Mudofaa vazirligi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar ona tilimizning jozibasi hamda ruhini tarannum etib, ishtirokchilarda koʻtarinki kayfiyat uygʻotdi.
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring