Oʻzaro manfaatli aloqalar rivojlanmoqda

12:29 19 Dekabr 2025 Jamiyat
187 0

Samarqand va Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara 2022-yildan buyon qardosh hisoblanadi. Bu Oʻzbekiston va kun chiqar mamlakat shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatilgan birinchi holatdir. Bitim ikki qadimiy mintaqa oʻrtasida gumanitar va madaniy almashinuvni chuqurlashtirish uchun asos yaratdi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatining kun chiqar mamlakat bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi ham jadal rivojlanib bormoqda.

Hozirgi vaqtda mintaqada Yaponiya kompaniyalari kapitali ishtirokidagi toʻrtta korxona muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning eng yiriklaridan biri “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ boʻlib, u yerda keng turdagi transport vositalari, shu jumladan yoʻlovchi avtobuslari, maxsus texnikalar va pikaplar ishlab chiqariladi.

2024-yil yakunlariga koʻra, Samarqand viloyati korxonalari oʻz loyihalarini rivojlantirish uchun Yaponiya moliya institutlarining qariyb 20 million dollarlik investitsiyalari va kredit resurslarini jalb qilgan. Masalan, “Maroqand led invest” MCHJ koʻp qavatli uylarni qurish va jihozlash dasturlariga 16 million dollar sarmoya kiritgan.

Yaponiya kapitalining Samarqand viloyati iqtisodiyotiga sarmoya kiritishi bu yil ham davom etdi. Masalan, 2025-yilda “Zarafshon tex lux” MCHJ qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun muzlatgichlar loyihasiga 1,7 million dollar sarmoya kiritdi.

- Joriy yil boshidan buyon Yaponiyaga mintaqamizdan 130 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi, — deydi Samarqand viloyati savdo, investitsiya va sanoat boshqarmasi boʻlim boshligʻi Madaminbek Nurullayev. — Kun chiqar mamlakatiga asosan toʻqimachilik mahsulotlari joʻnatildi. Oʻz navbatida, Yaponiyadan Samarqand viloyatiga yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalari olib kelinmoqda.

Samarqand viloyati dehqonlari ham kun chiqar mamlakati bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda.

- Bir necha yil avval Yaponiyada boʻlib, “Fuji” olmalarini yetishtirish texnologiyasi bilan yaqindan tanishdik, — deydi Samarqand tumanidagi “Bobur agro innovatsiya” fermer xoʻjaligi rahbari Bobur Haydarov. — Natijada ushbu ekin koʻchatlari Samarqandga olib kelindi va bir necha yil ichida ular bizning sharoitimizga moslashtirildi. Tajriba muvaffaqiyatli oʻtdi, bugungi kunda biz nafaqat yapon olmalaridan yuqori hosili olyapmiz, balki fermerlar va aholiga ushbu turdagi olmalarning koʻchatlarini ham sotyapmiz.

2026-yilda Samarqand shahrida Yaponiya ishtirokida 800 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi boshlanadi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, kelgusi yili Tayloq tumanida yapon hamkorlari ishtirokida zamonaviy eko-bozor foydalanishga topshiriladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?