Oʻsmir nega jinoyatga qoʻl urdi?

17:22 13 Yanvar 2026 Jamiyat
445 0

Mamlakatimizda yoshlarning sifatli taʼlim va tarbiya olishi, ilm-fan, sport, sanʼat yoki boshqa sohalarda oʻz isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Albatta, bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli yoʻnalishlarda katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan, yutuqlari xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilayotgan yoshlarimiz koʻp. Ammo turli qingʻir ishlarga qoʻl urayotgan, jinoyat koʻchasiga kirib qolayotganlari ham yoʻq emas. Ayniqsa, hali voyaga yetmagan oʻsmirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining oshib borayotgani yanada achinarli.

Qashqadaryo viloyatida sodir etilgan jinoyatlarning oʻrtacha 4,5 foizi voyaga yetmaganlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu kichik raqamlar emas. Xususan, 2025-yilning dastlabki uch choragida jinoyat ishlari boʻyicha viloyatdagi tuman, shahar sudlari tomonidan jami 3713 shaxsga nisbatan 2915 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlsa, shundan 133 ta jinoyat ishi (163 ta shaxsga nisbatan) voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilgan. 16 nafar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq jazo choralari qoʻllanilgan.

Mashhur adib Tohir Malikning “Bolalik” qissasida “Hech kim jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Uni odamlar, jamiyat jinoyatchiga aylantiradi”, degan gap bor. Darhaqiqat, viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilar ekansiz, bunga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. Aksariyat hollarda oila, mahalla yoki taʼlim muassasasidagi beparvolik, nazoratsizlik hali voyaga yetmagan oʻsmirning jinoyatga qoʻl urishiga zamin yaratgan.

Masalan, Nishon tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan birining 9-sinf oʻquvchisi Ulugʻbek Mardonov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) otasi urgani uchun arazlab, uydan chiqib ketgan. Oʻzlari vaqtinchalik Toshkent shahrida boʻlgan bir oilaning qishloqdagi uyiga deraza orqali kirib, haftalab shu yerda yashagan. Xonadon sohibiga tegishli pul va bir nechta buyumlarni oʻgʻirlab, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Ajablanarli tomoni, 15 yoshli bolaning haftalab uyga kelmagani ota-onani sira tashvishga solmagan. Mahalla-koʻydan biror bir kishi bu bola nima uchun begona xonadonning oldida oʻralashib yurganiga qiziqmagan.

Yoki boshqa bir misol. 2009-yilda Chiroqchi tumanida tugʻilgan, tumandagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan birining 9-sinf oʻquvchisi boʻlgan Jasur Norsafarov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ilk bor 2024-yilning aprel oyida oʻgʻirlik jinoyatini sodir etib, sudlangan edi. Oʻshanda unga nisbatan 1,5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ammo oradan bir oy oʻtib yana bir qingʻirligi oshkor boʻldi. Bu safar unga nisbatan avvalgi jazoning oʻtalmay qolgan qismini toʻliq qoʻshish yoʻli bilan 1-yilu 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilandi. Biroq 2024-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan afv etilgan.

Shuncha gʻavgʻolardan soʻng ham na oila aʼzolari, na mahalla-koʻy Jasur Norsafarovning qayerda, kim bilan yurgani, nima ishlar bilan mashgʻulligiga eʼtibor qilmadi. Natijada mutlaq nazorat his etmagan oʻsmir 2025-yilning 7-mart kuni uydan chiqib ketib, Yakkabogʻ tumani markaziga boridi. Tun yarmi shu yerdagi savdo doʻkonlaridan birining eshigini buzib kirib, u yerdan umumiy narxi 13 million 110 ming soʻmlik 6 dona telefon apparati, 1 dona qoʻl soati, 1 dona erkaklar sumkasi hamda 500 ming soʻm pulni oʻmarib ketdi.

Ertasi kuni oʻgʻirlangan mahsulotlarni Chiroqchi tumani markazidagi savdo shoxobchalariga sotib, pulini oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Oradan oʻn kun oʻtib “yosh oʻgʻri” yana ovga chiqadi. Bu safar Chiroqchi tumani markazidagi savdo doʻkonlaridan birini nishonga olgandi. Yarim tunda doʻkon eshigini buzib, ichkaridan umumiy narxi 11 million 540 ming soʻmlik 8 dona telefon apparati va 2 dona zaryadlash vositasini olib, sekingina juftakni rostlagan. Yoʻl-yoʻlakay yana bir doʻkondan 6 dona erkaklar koʻylagi hamda 2 juft poyabzalni oʻmargan.

Jasur Norsafarov 2025-yilning 30-mart kuni tunda Koʻkdala tumani markazidagi koʻchalardan birida qarovsiz qoldirilgan “Nexia”avtomobilini olib qochgan. Ammo mashina egasining xabariga asosan tezkor qidiruvga kirishgan IIB xodimlari tomonidan tumanning Uyshun mahallasi hududiga yetganda qoʻlga olindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Koʻkdala tumani sudining yopiq sud majlisida Jasur Norsafarov tomonidan sodir etilgan qilmish koʻrib chiqilib, unga nisbatan 2-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo tarbiya koloniyalarida oʻtashi belgilandi.

Ha, yosh avlodni niholga qiyoslashadi. Uni qay tomonga egsa, shu zayilda oʻsadi. Jasurning tarbiyasiga ham ota-onasi befarq boʻlmaganida, oʻqishi, kim bilan qayerda yurganini nazorat qilganida u ham jinoyatga qoʻl urmagan, katta hayot ostonasidayoq yoʻldan adashmagan boʻlardi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?