Orolning yashil qalqoni
Bir paytlar qurib, ortidan qumga botgan kemalar va tuzli shamol qoldirgan Orol bugun butunlay boshqa manzara bilan namoyon boʻlyapti. Qumga aylangan dengiz tubida saksovul va boshqa chidamli oʻsimliklar ildiz otyapti. Boshlangan keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqaning ekologik barqarorligi uchun umid uygʻotmoqda. 2025-yilga kelib barpo etilgan “yashil qoplamalar” maydoni qariyb 2 million gektarga yetdi. Orolqumdan koʻtarilayotgan zaharli tuz va chang zarralari bilan kurashish uchun boshlangan loyihalar himoya oʻrmonlariga aylanib, qum koʻchishini toʻsib, atrof-muhitni asrab qolmoqda.
– Davlatimiz rahbari tomonidan Orol dengizining qurigan tubida ekologik barqarorlikni taʼminlash va aholi hayotini yaxshilash vazifalari ustuvor maqsad sifatida belgilangan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya vaziri Leyli Seytova. – Joriy mavsumda ham ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan ishlar toʻxtovsiz davom etmoqda. Qoʻshimcha 100 ming gektar maydonda saksovul va boshqa chidamli oʻsimliklar ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Moʻynoq tumanida yangi innovatsion loyihalar yoʻlga qoʻyildi. Urugʻlar nafaqat qoʻl bilan, balki maxsus aviatsiya va dronlar yordamida ham sepilyapti.
“Yashil makon” loyihasi nafaqat tabiatni tiklaydi, balki ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Yangi ish oʻrinlari yaratilib, mahalliy koʻchat yetishtirish tarmoqlari rivojlanmoqda. Mahalla va shaharlarda, koʻp qavatli uylar atrofi, yoʻllar boʻyi hamda korxona va tashkilotlar hududida daraxt va saksovul ekilmoqda, ijtimoiy obyektlarga esa koʻchatlar bepul yetkazib berilib, aholiga tarqatilmoqda. Xalqaro ahamiyatga ega A-380 avtomobil yoʻli boʻyida ham koʻkalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. Saksovul, manzarali daraxtlar va shoʻr hamda qurgʻoqchilikka chidamli ekinlar urugʻi sepilmoqda. Bu ishlar nafaqat qum koʻchishini toʻsadi va ekologik barqarorlikni taʼminlaydi, balki atrof muhitni obodonlashtirib, aholi hayotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
– Kollektorlar boʻyiga ham turli daraxt koʻchatlari ekilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti oʻqituvchisi Aziz Qunnazarov. – Shu paytgacha Xoʻjaylidan Qoʻngʻirotgacha boʻlgan “4r-176” va “A-380” avtomagistrali boʻyi kollektorlariga jami 33 ming 280 tup jiyda daraxti koʻchatlari ekildi. Hudud iqlimiga mos turlar tanlandi. Xoʻjayli tumanidan boshlab Qoʻngʻirot tumanigacha yoʻnalishdagi katta yoʻl atrofidagi kollektor boʻylariga jiyda daraxti koʻchatlari ekildi. Choʻlga chidamli oʻsimliklar orqali esa kutilgan natijaga erishish mumkin.
Manbalarga koʻra, jiyda tarkibida inson salomatligi uchun oʻta muhim boʻlgan koʻplab mikro va makro elementlar, shuningdek, qator vitaminlar mavjud. U immunitetni mustahkamlash, modda almashinuvini faollashtirish, qon aylanishini yaxshilash hamda organizmning umumiy chidamliligini oshirishda samarali taʼsir koʻrsatadi. Shu bois jiyda xalq tabobatida va sogʻlom ovqatlanish tizimida alohida qadrlanadi. Undan qadim zamonlardan xalq tabobatida koʻplab kasalliklarni davolashda, uning oldini olishda foydalanib kelingan. Dunyoning bir qator mamlakatlarida jiydadan farmatsevtikada dori-darmon, toʻqimachilik sanoati uchun yelim, oʻsimlik gulidan esa atir, daraxt yogʻochidan qattiq boʻlganligi uchun qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Juda issiq va sovuq ob-havoga moslashgan, bu oʻsimlikni yurtimizning choʻl, qumli, shuningdek, yangi oʻzlashtirilgan yerlarida ekib kutilgan natijaga erishish mumkin. Bir tup saksovul 10 tonnagacha qumni koʻchishdan toʻxtatadi.
Olimlarning taʼkidlashicha, Orolboʻyining shoʻr va qumli maydonlarda saksovul ekish – ekologik muvozanat garovi. Negaki, saksovul oʻsimligi suvsizlikka va shoʻrga eng chidamli boʻlib, bir tup saksovul 4-5-yilda 10 tonnagacha qumni koʻchishdan toʻxtatib qolish xususiyatiga ega. 1 gektar yerdagi saksovulzor esa yiliga 1135 kg karbonat angidrid yutib, 835 kg kislorod ajratib chiqaradi.
Bugun ekologiya masalasi dunyo miqyosida insoniyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biriga aylangan. Toza muhit, sogʻlom hayot va barqaror taraqqiyot — bugungi va ertangi avlodlar uchun eng katta neʼmatdir. Shu bois Oʻzbekistonda ekologik siyosat ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilanib, bu borada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida koʻchatxonalarda manzarali va mevali daraxt koʻchatlari yetishtirilmoqda. Sugʻorish tizimlari yangilanmoqda, mahalliy iqlimga mos koʻchatlar yetishtirilayotgan pitomniklar soni ortmoqda, yoʻllar boʻylab koʻkalamzor hududlar barpo etilmoqda. Xususan, Nukus – Qoʻngʻirot va Nukus –Taxtakoʻpir yoʻnalishlaridagi qariyb 200 kilometr masofada daraxt ekilib, yoʻl atroflari ham yashil qiyofa kasb etdi.
Orol tubida yashil oʻrmonlarning paydo boʻlishi mintaqadagi bioxilma-xillikni qayta tiklash va mahalliy aholi salomatligini muhofaza qilishda eng toʻgʻri va samarali yoʻldir. Bu “yashil qalqon” yaqin yillarda Orolboʻyi mintaqasi qiyofasini butunlay oʻzgartirishiga ishonamiz.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring