Oq yoʻl, oddiy askar!

10:36 16 Mart 2026 Jamiyat
148 0

Ota yurt himoyasi, ona Vatan mudofaasi – muqaddas va sharafli burch. Bu Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham qatʼiy belgilangan. Jumladan, Bosh Qomusimizning 64-moddasida Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi qayd etilgan holda fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburligi koʻrsatilgan.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida 2026-yil 2-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan muddatini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish boʻyicha Prezident qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq, Oʻrta Chirchiq tumani Mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan Nurafshon shahri va Oʻrta Chirchiq tumanida doimiy roʻyxatda turgan 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan, boʻyi 165 sm, vazni 55 kgdan ortiq chaqiruv yoshidagi yigitlarni muddatli harbiy xizmatga yuborish jarayonlari boshlandi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyatidan muddatli harbiy xizmatga yoʻl olayotgan yoshlarni tantanali kuzatuv marosimi boʻlib oʻtdi.

Vatan himoyasi kabi sharafli burchni ado etish arafasidagi 766 nafar viloyat yigitlari va ularning ota-onalari ushbu tadbirda ishtirok etdi. Marosimda, shuningdek, viloyat hokimligi masʼullari, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy xizmatchilari, davlat va jamoat tashkilotlari ham qatnashdi.

— Biz uchun beqiyos muhabbat va sadoqat manbai boʻlgan, kindik qonimiz toʻkilgan tabarruk tuproqni koʻz qorachigʻidek asrash har birimizning fuqarolik burchimiz, ajdodlarimiz oldidagi farzandlik qarzimizdir, — dedi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. — Muqaddas Vatanimizni hozirgi shiddatli va tahlikali davrda nafaqat tashqi kuchdan, balki yomon koʻzdan, yomon soʻz va yomon niyatdan ham himoya qilishimi bugunning talabidir.

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jismonan baquvvat, maʼnan yetuk boʻlib kamol topishiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, harbiy xizmat Vatan oldidagi muqaddas burch ekanini taʼkidladilar.

Tadbir davomida boʻlajak askarlarning ota-onalari ham soʻzga chiqib, farzandlarining Vatan himoyasiga otlanayotganidan faxr tuyishlarini bildirdi.

Yaqinlari bilan xayrlashgan yoshlar tantanali ravishda harbiy qismlarga kuzatildi.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер