«Omikron» shtammi 63 mamlakatda qayd etilgan

15:52 13 Dekabr 2021 Jamiyat
950 0

Koronavirusning «omikron» shtammi ikki hafta ichida dunyoning olti qitʼasini “zabt” etib ulgurdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining soʻnggi maʼlumotiga koʻra, yangi mutatsiya shu paytgacha 63 mamlakatda qayd etilgan.

JSST tomonidan eʼlon qilingan navbatdagi byulletenda keltirilishicha, «omikron» “delta”ga nisbatan tezroq tarqalishi mumkin. Biroq uni yuqtirganlarda kasallik yengilroq oʻtmoqda.

Xususan, Janubiy Afrika Respublikasidan olingan dastlabki dalillar shuni koʻrsatadiki, yangi shtammning ogʻir asoratlarni keltirib chiqarish ehtimoli kam.

Amaldagi PZR va antigen testlar orqali «omikron»ni aniqlash mumkinligi yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, SOVID-19ning boshqa shtammlarini davolashda qoʻllanilayotgan usullar bu infeksiya turini muolaja qilishda ham samara beradi.

Shunga qaramay, JSST toʻplangan ushbu maʼlumotlar «omikron» xavfi haqida yakuniy xulosa chiqarish uchun hali yetarli emas, degan xulosada.

Yangi kasallik turining yengil oʻtayotganini boshqa rasmiy doiralar ham tasdiqlayapti. Masalan, Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi maʼlumotiga koʻra, qitʼada «omikron»dan hozircha birorta oʻlim qayd etilgani yoʻq.

Jumladan, Yevropada 732 ta yangi mutatsiyani yuqtirish holati aniqlangan. Ularning katta qismi Daniya (195 kishi) va Norvegiya (109 kishi) hissasiga toʻgʻri keladi. Bemorlarning deyarli barchasida kasallik yengil kechgan.

Bunday xulosalar AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan ham eʼlon qilindi. Unga koʻra, mamlakatda yaqin kunlargacha 43 ta holat roʻyxatga olingan va barcha bemorlarda xastalik ogʻir asoratlarsiz oʻtgan. Faqat bir kishi shifoxonaga yotqizilgan va shunda ham ahvoli yaxshilangach, ikki kundan keyin unga javob berilgan.

Mutaxassislarning kuzatuvlariga koʻra, «omikron»ning belgilari kattalar va bolalarda turlicha namoyon boʻlmoqda. Ularni umumlashtiruvchi asosiy alomatlar esa charchoq, bosh ogʻrigʻi, ishtaha yoʻqolishi va teridagi toshmalardir.

Hozir qator davlatlar yangi variantning tarqalish shiddatini hisobga olib, ehtiyot choralarini kuchaytirmoqda. Misol uchun, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqib, 18 yoshdan oshgan fuqarolarni yil oxirigacha buster doza bilan emlanishga chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?