Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Majlisda Prezidentimiz raisligida davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan uy-joy va kommunal xoʻjaligi, qurilish, transport va ekologiya masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan ushbu sohalardagi imkoniyatlar chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar ham belgilab berilgani qayd etildi. Shuningdek, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
Qonunchilik palatasida dastlab “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda tadbirkorlik subyektlarining xom ashyoga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, u bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi shu yilning 17-yanvar kuni boʻlib oʻtgan quyi palataning yalpi majlisida koʻrib chiqilib, deputatlar tomonidan berilgan fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish uchun masʼul qoʻmitaga qaytarilgan edi.

Bugungi qizgʻin munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Yana bir ko‘rib chiqilgan qonunlardan biri “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilandi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlanishi ta’kidlandi.

Asosiy masalalardan biri bo‘lgan, giyohvandlik vositalarining reklamasi bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan respublikada, shu jumladan, Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduhakimovning axboroti eshitildi.

Mazkur masala dastlab Ekologik partiya fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining qoʻshma yigʻilishida atroflicha muhokama qilingan edi.
Oʻrganishlar davomida deputatlar tomonidan atmosfera havosiga taʼsir etuvchi omillar chuqur oʻrganilib, uni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlaridagi kamchilik va boʻshliqlarni toʻldirish, jumladan, atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan korxonalar, tashkilotlar, inshootlar va boshqa obyektlar faoliyatini ekologik baholashning amaldagi tizimini xalqaro hujjatlarga moslashtirish boʻyicha bir qator takliflar ishlab chiqildi.

Majlisda qayd etilganidek, iqlim oʻzgarishining taʼsirini kamaytirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023-yilda jami 217,0 mln. tup, xususan, kuz mavsumida 189 ta sanoat korxonalari tomonidan 1,8 mln. tup daraxt koʻchatlari ekilgani aytib o‘tildi.
Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar tomonidan vazirning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.










Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring