OKMK Andijondan magʻlubiyat bilan qaytdi, “Navbahor” yangi murabbiyi bilan gʻalaba qildi

16:36 01 Oktyabr 2025 Sport
329 0

Joriy yilning 25–30-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 23-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

Ushbu bahslarda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Nasaf” 2:1 “Xorazm”

“Mashʼal” 0:0 “Buxoro”

“Andijon” 1:0 OKMK

“Navbahor” 1:0 “Qizilqum”

“Qoʻqon-1912” 2:2 “Bunyodkor”

“Paxtakor” 1:0 “Surxon”

“Dinamo” 2:0 “Shoʻrtan”

“Soʻgʻdiyona” 0:1 “Neftchi”

Jami 8 ta oʻyindan 1 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 5 ta bahsda mezbonlar ustun keldi, 2 ta uchrashuv durang bilan yakunlandi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.

Namanganda yangi murabbiy

23-tur oldidan “Navbahor” klubida murabbiylar shtabida oʻzgarish roʻy berdi. Bir tur oldin jamoasi bilan “Buxoro”dan sharmandali magʻlubiyat bilan qaytgan Sergey Lushan isteʼfoga chiqarildi. Uning oʻrniga shu vaqtga qadar klubda jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy sifatida ishlab kelgan Sherzod Joʻrayev vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi.

Darvoqe, Lushan ketishi oldidan klubdagi nosogʻlom muhit haqida matbuot anjumanida gapirib oʻtdi. Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Professional futbol ligasi OFAdan vaziyatni oʻrganishni soʻrab murojaat qildi.

Yangi murabbiy tarkibda jiddiy oʻzgarish qilmadi. “Buxoro”dagi oʻyin bilan solishtirganda legioner himoyachilar hamda Muhammadali Gʻiyosov va Zabihillo Oʻrinboyev zaxirada qoldirildi. Ularning oʻrnini Navroʻz Iminjonov, Abbos Gʻulomov, Shohmalik Komilov va Azim Ahmedov egalladi.

Birinchi boʻlimda hisob ochilmadi. Ikkinchi taymning 68-daqiqasida Sherzod Joʻrayev hujumni kuchaytirish uchun braziliyalik futbolchi Pedroni oʻyinga qoʻshdi. Maydonga tushganiga 1 daqiqa ham boʻlmagan Pedro gʻalaba golini urdi. Uchrashuv 1:0 hisobida yakunlandi.

“Andijon”dan gʻalaba

Ikki frontda kurashayotgan “Andijon” klubi 6 oʻyindan beri gʻalaba koʻrmagan edi. Bu turda jamoa nihoyat gʻalaba qozondi.

Qayd etish lozimki, OKMK 13-yildan beri “Andijon”ga yutqazmagandi. Oxirgi marta andijonliklar 2012-yil may oyida gʻalaba qozongan boʻlsa, oradan 13-yil oʻtib tarix takrorlandi.

Mezbonlar uchrashuvni tezkor hujumlar bilan boshladi. 29-daqiqada Damir Temirov uzatmasidan soʻng Usmonali Imonaliyev hisobni ochdi.

Qolgan vaqt Mirjalol Qosimov shogirdlarining ustunligida oʻtdi. OKMK bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi, ammo “burgutlar” posboni Erjan Tokotayev 6-marta seyv amalga oshirib jamoasi gʻalabasiga katta hissa qoʻshdi. Oʻyin 1:0 hisobida yakunlandi.

“Neftchi” Jizzaxda gʻalaba qildi

Soʻnggi 2 ta oʻyindan beri Jizzaxdagi “Markaziy” stadion Superliga jamoalari uchun “xavfli hudud”ga aylanib qolgandi.

“Soʻgʻdiyona” oxirgi uy bahslarida “Navbahor”ni 4:0, OKMKni esa 4:1 hisobida magʻlub etgandi. Shu sabab bu gal ham jamoadan gʻalaba kutishgan.

Biroq bu safar bahs “Neftchi” gʻalabasi bilan yakunlandi. Yagona golga 38-daqiqada Jamshid Iskandarov mualliflik qildi. Shu tariqa “Neftchi” “Nasaf”ni taʼqib etishda davom etmoqda.

Turnir jadvali

23-turdan soʻng “Nasaf” 52 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab qoldi. “Ajdarlar”ning eng yaqin taʼqibchisi “Neftchi” hisobida 48 ochko mavjud.

Oxirgi oʻrinlarni esa “Xorazm”, “Shoʻrtan” va “Buxoro” egallab turibdi.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

23-tur oʻyinlarini jami 26 171 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 3 271 nafardan futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs ― “Andijon” va OKMK oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun “JAR” stadioniga 7 950 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa “Mashʼal” va “Buxoro” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan bu uchrashuvni jami 817 nafar muxlis jonli tomosha qildi

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 24-tur uchrashuvlari 3–5-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Quyidagi bahslar kutilmoqda:

“Xorazm” – “Navbahor”

OKMK – “Qoʻqon-1912”

“Surxon” – “Dinamo”

“Buxoro” – “Paxtakor”

“Bunyodkor” – “Nasaf”

“Shoʻrtan” – “Soʻgʻdiyona”

“Neftchi” – “Andijon”

“Qizilqum” – “Mashʼal”

Muhammadamin Zuhriddinov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер