Oybuloqdagi «Voyish usuli» — bogʻdorchilik madaniyatining ajralmas qismi

13:35 08 Iyul 2025 Jamiyat
149 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Uzumchilikda uzoq yillik tajribaga ega buloqboshiliklardan nafaqat bogʻdorchilik sir-asrorini, balki hayotga mehr, mehnatga muhabbat va sabr-toqatni oʻrgansak arziydi. Buloqboshi tumanidagi Mirzakalon Ismoiliy nomli mahallada bunga yana bir bor amin boʻldik.

Omilkorlik

Mahallada 405 ta xonadon boʻlib, shundan 380 tasi uzumchilikka ixtisoslashtirilgan. Suyagi mehnatda qotgan aholi erta bahordan ishga kirishadi. Har bir tokka oʻzgacha mehr beradi. Zero, har bir novdada oila uchun baraka, farzandlar uchun taʼlimga sarmoya, keksalar uchun hayot zavqi bor!

Bu yerda xonadonlar katta daromad manbai — tomorqaning oʻzidan oʻrtacha 3 tonnagacha hosil oladi. Koʻchalarga soʻritoklar oʻrnatilgach, bu koʻrsatkich 4 tonnani tashkil eta boshladi. Masalan, Oybuloq koʻchasining ikki chetida qad rostlagan soʻritoklar 4 kilometrgacha davom etgan. Bu oʻtgan yili 820 tonna hosil yigʻib olish imkonini berdi. Shundan 450 tonnasi eksportga yoʻnaltirildi.

— Avvallari tomorqaning oʻzidan hosil olgan boʻlsak, endi koʻchamizdan ham unumli foydalanmoqdamiz, — deydi shu mahallada yashovchi Akromjon Qosimov. — Bu jarayonda bank kreditlari ham katta rol oʻynamoqda. Ular tomonidan har bir xonadonga uch yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratildi. “Husayni”, “Andijon qora” navli uzum tez hosilga kirgani bois hozirda ham kredit uchun toʻlovni amalga oshiryapmiz, ham daromad olyapmiz. Oilamiz bilan 9 sotixdan iborat tomorqamizning 7,5 sotix qismiga tok ekkanmiz. Hozirdan hosilning har bir kilosi uchun 20 ming soʻmdan xaridorlar bor.

Ha, mahalla ahli joriy mavsumda ham uzumchilikdan katta daromad olish niyatida mehnat qildi. Samara esa qoʻl yetgulik: hosilning choʻgʻi baland. Ularning aytishicha, bu yil 900 tonna uzum yigʻib olish mumkin.

— Bundan besh yil muqaddam mahallamizda kambagʻallar roʻyxatida turuvchilar soni 125 nafar edi, — deydi shu mahalladagi hokim yordamchisi Yusufbek Akbarov. — Ayni paytda ularning soni keskin qisqargan. Aholini farovonlik sari yetaklashda uzumchilik boʻyicha toʻplangan tajriba qoʻl kelyapti. Mahalladagilar shu bilan kifoyalanib qolmayapti. Ular har qarich yerdan unumli foydalanmoqda. Masalan, tok ostiga ekilgan loladan ham moʻmaygina daromad keladi. Ochiq tomorqadan uch marta hosil olish yoʻlga qoʻyilgan. Chorvachilik, tikuvchilik, asalarichilik bilan shugʻullanuvchilar bor. Har bir oila yil davomida oʻrtacha 100 million soʻm daromad olmasa, hisobmas.

Rosti ham shu: yerga mehr bergan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Har birimiz oʻz hududimizda Oybuloq koʻchasini yaratishimiz mumkin. Bu bizni hayotga mehr, mehnatga muhabbat va qatʼiy ishonch bilan harakat qilishga undaydi. Natija esa nafaqat oilaviy byudjet, balki mamlakat iqtisodiyotining yuksalishidagi ishtirokimizni ham taʼminlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер