“Ogʻir” toifadagi shirkatlar faoliyati tugatilmoqda. Bu odamlarga nima beradi?
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirishi lozimligini alohida taʼkidlagan edi. Soʻnggi paytlarda amalga oshirilayotgan ishlar keng koʻlamli bunyodkorlik jarayoni tufayli Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida ham bu borada katta tajriba toʻplandi. Xususan, koʻp kvartirali uylarda istiqomat qilayotgan aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish va uylarning texnik holatini yaxshilash jarayoni doimiy nazoratga olingan. Bu haqda vazirlik tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
— Hozirgi kunda respublikamizda jami 37 402 ta koʻp kvartirali uy boʻlsa, oxirgi oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra, 34 894 ta koʻp kvartirali uy 4 430 ta shirkatlar tomonidan boshqariladi, — deydi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov. — 2 378 ta uy esa oʻzini-oʻzini boshqarish tizimida faoliyat yuritadi. Jami 4 430 ta shirkatning 1 351 tasining moliyaviy holati “yaxshi”, 1 903 tasi “oʻrta” va 1 176 tasi “ogʻir” toifalidir. Natijada “ogʻir” toifadagi barcha shirkatlar faoliyati tugatilib, ular tasarrufidagi uylarni yangi tashkil etilayotgan Boshqaruv tashkilotlariga oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.
Bugun qaysi shirkat rahbari bilan gaplashmang, kredit olganini, uni qaytarish uchun aholi toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashi lozimligini aytadi. Vazirlik mutaxassislari bu boʻicha ham oʻrganish olib borishdi. Natijada, tahlillarga koʻra, 2017-2020-yillar davomida koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan
3 966 ta shirkatlarga oʻrtacha 3 yillik muddat bilan jami 1,45 trln. soʻm kredit berilgan. Joriy yilning 1-yanvar holatiga ushbu mablagʻlarning 73,4 mlrd. soʻmi muammoli kredit ekanligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, aholining shirkatlar oldidagi majburiy badal toʻlovlardan karzdorligi ham kam emas: 192,7 mlrd. soʻm.
Bugungi kunda ushbu shirkatlarning jami kredit qarzdorligi
642,6 mlrd.soʻmni hamda muammoli kredit qarzi 58,1 mlrd. soʻmni tashkil qiladi. Tijorat banklari tomonidan “ogʻir” toifadagi shirkatlarning faoliyati tugatilib, ularning kredit qarzdorligini boshqaruv tashkilotlariga oʻtkazib berish va kredit mablagʻlarini 3 yilgacha muddatda prolangatsiya qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, tizimda Investitsiya dasturi doirasida bajarilayotgan ishlar ham diqqatga sazovor. Oʻtgan yili xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 16 ta loyiha doirasida 83,6 mln. dollari miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilgani, joriy yilda 21 ta loyiha doirasida 217,6 mln. Dollarlik investitsiya oʻzlashtirilishi rejalashtirilgani shundan dalolat beradi.
Xususan, Jahon banki ishtirokida umumiy qiymati 220,7 mln. dollar boʻlgan “Andijon, Buxoro, Samarqand, Chirchiq, Toshkent shahar Sergeli tumani issiqlik taʼminoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 2021-yilda 16,5 mln. dollar miqdoridagi kredit mablagʻlari hisobidan qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Respublika aholisini qish mavsumida issiqlik energiyasi (koʻp kvartirali uylarni va ijtimoiy soha obyetklarini isitish va issiq suv) bilan uzluksiz taʼminlashni tashkil etish maqsadida hududiy issiqlik taʼminoti tashkilotlarida kuchaytirilgan ish rejimida faoliyat yuritish yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga, markazlashgan suv taʼminoti tizimi rivojlantirish orqali shahar va aholi punktlarida sifatli va xavfsiz ichimlik suvga boʻlgan ehtiyojni qondirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Biroq, markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti yetib bormagan yoki buning imkoni boʻlmagan olis qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash muammosi hal etilmay kelayotgan edi. Prezidentimizning 2020-yil 25-sentyabrdagi Farmoni ana shunday masalalarga yechim topishda ayni muddao boʻldi. Yaʼni mazkur hujjat asosida hokimliklar bilan birgalikda aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi aniqlash maqsadida navbatdagi xatlov tadbirlari oʻtkazildi. Shundan kelib chiqqan holda, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida 2021-yilda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2022-yildan boshlab esa respublikaning boshqa hududlarida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni amalga oshirish topshirigʻi belgilandi.
Umuman olganda, bugun respublikamizning 73 foiz aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan, 19,2 foizi alternativ, yaʼni kachalka, daryo, kanal, quduq, buloq va hovuzlardan, 8,8 foizi aholi esa tashib yetkazib berish orqali ichimlik suvidan foydalanayotgani hali qilinishi zarur ishlar koʻpligini anglatadi.
Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring