“Nyukasl” magʻlubiyatga uchradi, yetakchilardan navbatdagi gʻalaba

Kecha, 18-oktyabr kuni Angliya Premyer-ligasi musobaqasining 8-tur oʻyinlari start oldi. Tur doirasida bir qator qiziqarli oʻyinlar boʻlib oʻtdi.
“Nyukasl” magʻlubiyatga uchradi
Angliya mamlakati sharafini UEFA Chempionlar ligasi musobaqasida ham himoya qilib kelayotgan “Nyukasl” jamoasining bu yilgi ishlari joyida emas.
Jamoa shu kungacha APL doirasida 7 ta oʻyinda maydonga tushib, 2-marta magʻlub boʻldi va 3-marta durrang oʻynadi. Atigi 2 ta bahsda gʻalaba qozondi. Eddi Xou jamoasining uchinchi magʻlubiyati ushbu turga toʻgʻri keldi.
Jamoa bugungi kungacha oʻtkazgan soʻnggi rasmiy oʻyinini FIFA kunlaridan oldin, aniqrog‘i 5-oktyabr sanacida “Nottingem Forest” klubiga qarshi oʻtkazgan va ushbu bahsda 2:0 hisobi bilan gʻalaba qozongan edi.
Bosh murabbiy Eddi Xou ham mos ravishda oʻtgan oʻyinda gʻalaba qozongan gʻolib tarkibni bu galgi oʻyinda ham birinchi daqiqalardan maydonga tashladi.
Himoya markazidan Botman va Tiaoʻ oʻrin olgan boʻlsa, qanotlarda Byorn va Trippyer harakat qildi. Markazda Tonali, Gimarayesh va Joelintonga ishonildi. Hujum qanotlarida Gordon va Elanga oʻynagan boʻlsa, markaziy hujumga FIFA kunlarida Germaniya terma jamoasi yulduziga aylangan Voltemade joylashtirildi.
Oʻz navbatida ushbu oʻyinda “Nyukasl”ga raqiblik qilgan “Brayton” jamoasi oʻyin oldidan turnir jadvalida “qargʻalar” bilan yonma-yon turganini qayd etish lozim. Ushbu gʻalaba evaziga Fabian Xyurseler shogirdlari turnir jadvalida ancha yuqoriga koʻtarilib olishdi.
Uchrashuvda hisob 41-daqiqada “Brayton” futbolchisi Denni Uelbek tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim aynan 1:0 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 76-daqiqasiga kelib “Nyukasl” hisobni tenglashtirdi. FIFA kunlarida Shimoliy Irlandiya ustidan qozonilgan gʻalabaning asosiy sababchisi, yaʼni gol muallifi Nik Voltemade bu safar ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi.
Ammo bu yakuniy boʻlmadi. 84-daqiqada Denni Uelbek jamoasining va oʻzining ushbu oʻyindagi ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin 2:1 hisobi bilan “Brayton” klubining gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Brayton” — “Nyukasl” 2:1
Gollar: Uelbek (41, 84) — Voltemade (77).
“Brayton” — Verbruggen, Kadioglu, Dank, van Xeke, Viffer, Baleba, Ayari, Ryutter, Gomes, Minte, Uelbek.
“Nyukasl” — Poup, Tiaoʻ, Botman, Trippyer, Byorn, Tonali, Gimarayesh, Joelinton, Elanga, Gordon, Voltemade.
“Chelsi”dan yirik gʻalaba
UEFA Chempionlar ligasida Angliya sharafini himoya qilayotgan yana bir jamoa — “Chelsi” 2-yildan beri barqaror oʻyin koʻrsata olmayotgani yoʻq. Klubning natijalari gohida Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatini yutish darajasiga chiqsa, gohida APL autsayderlaridan ham saviyasiz oʻyin namoyish etilmoqda.
Lekin “aristokratlar” bu turgacha boʻlib oʻtgan soʻnggi 2 ta oʻyinda oʻzlarining bor potensialini namoyish eta olishdi. Villi Kabalyero boshchiligidagi jamoa dastlab “Benfika”ni Chempionlar ligasida magʻlub etgan boʻlsa, oʻtgan tur APLning amaldagi chempioni — “Liverpul” klubini magʻlub etdi.
Bosh murabbiy “Liverpul”ga qarshi oʻyin bilan solishtirganda, 8-tur bahsi oldidan 3 ta oʻzgarishni amalga oshirdi.
Aynan “Liverpul”ga qarshi oʻyinda jarohat olgan Benua Badiashil bu galgi oʻyin qaydnomasiga kiritilmadi. Uni oʻrnini egallagan Trevo Chaloba bu gal Acheampongga himoya markazida sherik boʻldi.
Shuningdek, Kaysedo va Enzo Fernandes ham bu gal zaxirada qoldirildi. Ular oʻrnini Neto va 21 yoshli Romeo Laviya bilan toʻldirildi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida “Nottingem Forest” himoyada ishonchli oʻynadi va hisob ochilmadi.
Ikkinchi boʻlimning 49-daqiqasida Josh Acheampong oʻyindagi hisobni ochdi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, Pedro Neto hisobdagi farqni 2 taga oshirdi. 84-daqiqada “aristokratlar” sardori Ris Jeyms oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa bahs 0:3 hisobi bilan yakunlandi.
Oʻyindan soʻng “Sofascore” portali Pedro Netoni oʻyin qahramoni deb topdi. Portugaliyalik futbolchining harakatlari portal tomonidan 9,5 ballga baholandi.
“Nottinghem Forest” — “Chelsi” 0:3
Gollar: Achimpong (49), Netu (52), Jeyms (84).
“Nottinghem Forest” — Zels, Uilyams, Milenkovich, Murillo (Savona, 74), Morato, Zinchenko (Vud, 74), Luis (Hadson-Odoi, 53), Sangare, Anderson, Gibbs-Uayt, Avoniyi (Igor Jezus, 46).
“Chelsi” — Sanches, Gyusto, Achimpong (Adarabioyo, 81), Chaloba, Kukurelya, Jeyms, Lavia (Kaysedo, 46), Netu (Estevao, 78), Santos (Giu, 46), Garnacho (Gittens, 46), Pedro.
Ogohlantirishlar: Morato (41), Gyusto (54), Sangare (80), Estevao (89), Sanches (90+4).
Chetlatish: Gyusto (87).
“Manchester Siti”dan ishonchli gʻalaba
Ushbu uchrashuvgacha 7 ta oʻyinlik magʻlubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan Pep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” klubi bu gal ham gʻalaba qozonishni uddaladi.
8-turda “shaharliklar”ga “Everton” klubi raqiblik qildi. Oʻzbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov jarohati sabab ushbu oʻyin qaydnomasidan oʻrin olmadi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimi teng kurashlar ostida oʻtdi, lekin hisob ochilmadi. Ikkinchi boʻlimda esa “Manchester Siti” tashabbusni qoʻlga oldi.
58 va 63-daqiqalarda “Manchester Siti” yetakchisi Erling Holand 2 ta toʻp kiritdi. Yakunda aynan shu ikki gol “shaharliklar”ga gʻalaba keltirdi.
Oʻyindan soʻng Holand bahs qahramoni deb topildi. “Sofascore” portali norvegiyalik hujumchining harakatlarini 9,2 ballga baholadi.
“Manchester Siti” — “Everton” 2:0
Gollar: Holand (58, 63).
“Manchester Siti” — Donnarumma, Nunesh, Diash, Ake, OʻRayli (Lyuis, 85), Niko (Kovachich, 86), Reynders (Silva, 60), Savinio (Sherki, 86), Foden, Doku (Bobb, 60), Holand.
“Everton” — Pikford, OʻBrayen, Tarkovski, Kin, Mikolenko, Guye (Ayrogbunam, 71), Garner, Alkaraz (Rol, 71), Dyuzberi-Holl (Maknil, 87), Ndiaye (Dibling, 87), Betu (Barri, 76).
Ogohlantirish: Garner (39).
“Arsenal”dan qiyin gʻalaba
Angliya Premyer-ligasida karvonboshi boʻlib turgan “Arsenal” klubi ushbu turda London derbisida ishtirok etdi. Ushbu toʻqnashuvda Mikel Arteta jamoasiga “Fulhem” klubi raqiblik qildi.
“Arsenal” safida jiddiy yoʻqotishlar mavjud boʻlib, Oʻdegor, Kay Xavers, Gabriel Jezus, Noni Madueke, Pyero Inkapiye kabi futbolchilar safdan chiqqan. Jamoa bosh murabbiyi ham bir necha oʻyindan beri optimal tarkib bilan oʻynay olmayapti. Bu turda ham shunday boʻldi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Ikkinchi boʻlimning 58-daqiqasida Leandro Trossar bahsdagi yagona golni kiritdi. Shu tariqa uchrashuv 0:1 hisobi bilan “toʻpchilar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Fulhem” — “Arsenal” 0:1
Gol: Trossar (58).
“Fulhem” — Leno, Kastan, Andersen (Diop, 42), Kuenka (Bessi, 82), Sessenyon, Berg, Kerni (Smit-Rou, 63), Uilson (Traore, 82), King (Kevin, 63), Ivobi, Ximenes.
“Arsenal” — Rayya, Timber, Saliba, Gabriel, Kalafiori, Eze (Merino, 63), Subimendi, Rays, Saka, Trossar (Martinelli, 82), Gokeresh (Nyorgor, 90+6).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring