Nukusda dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha forum oʻtkazildi

06:34 01 Mart 2025 Jamiyat
128 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Nukus shahrida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “Dual taʼlimni tashkil etishning afzalliklari” mavzusidagi respublika forumi boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining qoʻmita raisi M.Atamuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri B.Qayipbergenov, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyiha maslahatchisi Hiris Kristian, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional taʼlim integratsiyasi boshqarmasi boshligʻi F.Masharipov, Qoraqalpogʻistonda faoliyat yuritayotgan taʼlim muassasalari, vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari dastlab kasbiy taʼlim tashkilotlarida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari boʻyicha tashkil etilgan koʻrgazma bilan tanishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish, shu bilan birga, kasbiy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

— Dual taʼlim iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri B.Qayipbergenov. Bu oʻquvchi-yoshlarga taʼlimni oʻz yoʻnalishiga mos keladigan tashkilotda ishlash bilan birgalikda olib borish imkonini beruvchi tizimdir.

Bunda yoshlar 2-3 kun taʼlim muassasasida nazariy bilimlarni egallasa, 3-4 kun davomida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonida amaliy koʻnikmalarga ega boʻladi. Ahamiyatlisi, dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan vaqtda ularga korxona tomonidan ustoz biriktiriladi va ish haqi toʻlanadi.

Ayni paytda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Forumda maʼruzachilar respublikamizda dual taʼlimni rivojlantirish istiqbollari, bu borada Germaniya davlatining tajribasi, dual taʼlimda oʻquvchi, korxona, taʼlim muassasasi va mamlakatning hamkorlikdagi ishlari haqida maʼlumotlar berdi.

Taʼkidlash joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida bugungi kunda 31 ta kasbiy taʼlim tashkilotida 745 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda 1716 nafar oʻquvchi kasb va mutaxassislik sirlarini oʻrganmoqda.

Bu boradagi samaradorlikni oshirish maqsadida kelgusida Amudaryo, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot tumanlari va Nukus shahridagi texnikumlarda 10 dan ortiq kasb va mutaxassislik turlari boʻyicha dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, bu orqali dual taʼlimga qamrov darajasini 3000 nafar oʻquvchiga, ularda oʻrgatiladigan kasblar sonini 20 taga, hamkor korxona va tashkilotlar sonini 1000 taga yetkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Forum doirasida kasbiy taʼlim tashkilotlari bilan vazirlik va korxonalar oʻrtasida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish borasida hamkorlik boʻyicha tegishli shartnomalar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?