Norin tumanida jamoatchilik kutubxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi
Norin tumanidagi Saodat mahallasida istiqomat qiluvchi Muhammadamin Abdullayev badiiy adabiyotning chinakam ixlosmandlaridan biri. Asli kasbi temirchilik boʻlgan bu fidoyi inson oʻzi toʻplagan, katta qismini mutolaa qilgan kitoblaridan boshqalar ham bahramand boʻlishini istab, bir necha yil avval mahallasida jamoatchilik kutubxonasini barpo etgan edi.
Vaqt oʻtishi bilan kitob jamgʻarmasi ham, mutolaaga oshno insonlar soni ham ortib, mavjud bino torlik qila boshladi. Shundan soʻng u ziyo maskanini oʻzi istiqomat qilayotgan hovliga koʻchirishga qaror qildi. Oila aʼzolari bilan kelishilgan holda barpo etilgan yangi va keng inshoot yaqinda toʻliq qurib bitkazildi. Unda qadriyatlar muzeyi, milliy hunarmandchilik xonasi hamda qirq nafarga yaqin kitobxonga moʻljallangan mutolaa zali joylashgan.
Kuni kecha mehnat faxriysi Muhammadamin Abdullayevning xonadondagi ushbu yangi ziyo maskanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda kitobxonlar, mahalliy hokimiyat idoralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, maʼrifat targʻibotchisining ezgu tashabbusini samimiy olqishladilar.

— Faoliyatim davomida turli mamlakatlarning nufuzli kutubxonalarida boʻlganman. Har birining oʻziga xos arxitekturasi, muhiti va jozibasi bor, — dedi marosimda ishtirok etgan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbari Umida Teshaboyeva. — Biroq Norindagi ushbu maskan men uchun oʻsha hashamatli kutubxonalardan ham koʻra yuksak maʼnaviy qiymatga ega. Chunki bu yerda kitobga xizmat bilan birga oʻzbekona lutf, mehmondoʻstlik va inson qalbiga iliqlik ulashuvchi fayz bor. Nozik detallar, shinam muhit, kitoblarning joylashuvi — bularning barchasi uy kutubxonasiga xos samimiyatni namoyon etadi. Goʻyo oddiylik bagʻrida ulugʻvorlik yashiringandek.
Yangilangan “Xalq kutubxonasi” eshiklarini ochgan kuniyoq tadbir ishtirokchilari tomonidan unga 1000 dan ortiq badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi. Marosim yakunida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbari tomonidan Muhammadamin Abdullayev “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring