Navroʻz sayllari Surxon vohasida davom etmoqda

14:22 17 Mart 2026 Jamiyat
160 0

Surxondaryo viloyatida Navroʻz ayyomi oʻziga xos koʻtarinki ruhda, xalqona sayllar bilan qarshi olinmoqda. Ayniqsa, Uzun, Denov, Muzrabot va Qumqoʻrgʻon tumanlarida oʻtkazilgan bayram tadbirlari keng qamrovi, milliy ruhi va doʻstlik muhiti bilan ajralib turdi.

Uzun tuman markazida tashkil etilgan Navroʻz sayliga minglab fuqarolar, mehnat faxriylari, yoshlar va mahalla ahli jam boʻldi. Eʼtiborli jihati shundaki, bayramga qoʻshni Tojikiston Respublikasidan ham mehmonlar tashrif buyurib, qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik yana bir bor namoyon boʻldi.

Tantanalarda milliy urf-odat va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi koʻrgazmalar, xalq hunarmandchiligi namunalari, sumalak va milliy taomlar sayli alohida qiziqish uygʻotdi. Shuningdek, taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, baxshilar tomonidan ijro etilgan dostonlar bayramga fayz bagʻishladi. Milliy xalq oʻyinlari, sport musobaqalari esa sayl ishtirokchilariga yanada shodlik va kayfiyat ulashdi.

Tadbirlarda soʻz olganlar Navroʻz nafaqat bahor va yangilanish bayrami, balki inson qadri, doʻstlik va bagʻrikenglikni ulugʻlaydigan ulugʻ ayyom ekanini taʼkidladilar. Bu kabi sayllar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirib, oʻzaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Uzun tumanidagi Navroʻz sayli shu jihatlari bilan nafaqat bayramona shodiyona, balki xalqlar oʻrtasidagi madaniy yaqinlik va samimiy munosabatlarning yorqin ifodasiga aylandi.

Bahorning iliq nafasi, odamlar qalbidagi quvonch va birdamlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan Navroʻz shodiyonalari va xalq sayllari bugun vohada koʻtarinki kayfiyatda davom etmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?