Navoiyda ombudsman ishtirokida ochiq muloqotlar va monitoringlar oʻtkazildi

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatiga amaliy tashrif bilan kelib, bir qator monitoring va ochiq muloqotlar oʻtkazdi.
Monitoring doirasida Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish milliy preventiv mexanizmi (MPM) faoliyati doirasidagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari viloyatdagi bir necha penitensiar muassasalar faoliyatini oʻrgandi. Xususan, Navoiy shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat, tergov va advokat xonalari holati koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, 11-son Jazoni ijro etish koloniyasida mahkumlarni kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan toʻgaraklar – tikuvchilik, elektriklik, asalarichilik, chorva va parrandachilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash, ingliz tili kabi yoʻnalishlar faoliyati oʻrganildi.
— Mazkur toʻgaraklarda kasb oʻrganib, sertifikat olgan mahkumlar 18 ta sexda mehnatga jalb qilinadi, — deydi ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev. — Bu ularda masʼuliyat hissini shakllantirish hamda ozodlikka chiqqanidan soʻng, ijtimoiylashuviga yordam beradi.
Monitoring chogʻida mehnat sharoitlari, ovqatlanish taʼminoti va mahkumlar bilan suhbatlar ham tashkil etildi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda mahkumlar chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bunday tadbirlar 4-, 5- va 12-son Jazoni ijro etish koloniyalarida ham amalga oshirildi.
Monitoringning yana bir manzili Navoiy viloyati Narkologiya dispanseri boʻlib, unda saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yotoqxonalar, oshxona, sport zallari, dori vositalari va sanitariya qoidalariga rioya etilishi oʻrganildi.
Tashrifning ikkinchi kunida Feruza Eshmatova Nurota tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida fuqarolar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Tumanning Amir Temur mahallasidan boshlangan tadbirlar davomida yuz nafarga yaqin aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Tadbirga tumandan uzoqdagi hududlar uchun viloyat shifokorlari va mutaxassislar jalb etildi.
Shu kuni tuman bandlik boshqarmasi tomonidan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda 136 ta tashkilot 214 ta ish oʻrni bilan qatnashib, 9 nafar fuqaro ishga joylashdi. 13 nafar ish izlovchiga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit olish borasida amaliy yordam koʻrsatildi.
Uchrashuvda ombudsman tomonidan viloyat aholisining dolzarb muammolari tahlil qilindi. Qayd etilishicha, 2024-yilda Navoiy viloyatidan 745 ta, 2025-yilning birinchi choragida esa 118 ta murojaat kelib tushgan. Ular orasida mehnat huquqlari, bandlik, ijtimoiy va tibbiy xizmatlar, kredit olish, uy-joy, aliment va taʼlimga oid masalalar asosiy oʻrin tutgan.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotda Oliy Majlis Senati aʼzolari, mahalliy kengash deputatlari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham ishtirok etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring