Namanganda maktab oʻquvchilari Milliy gvardiya xodimini kaltakladi

21:04 16 May 2024 Jamiyat
230 0

Фото: Видеодан кадр

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi maktabda ikki nafar yuqori sinf oʻquvchisi Milliy gvardiya xodimini kaltaklagani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Unga koʻra, videodagi holat Milliy gvardiya Namangan viloyat boshqarmasi, shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, ichki ishlar, maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi va shahar boʻlimi hamkorligida  tezkor tartibda oʻrganib chiqilgan. 

Aniqlanishicha, joriy yilning 15-may kuni soat 12:05 da Namangan shahridagi 37-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchilari jadval asosida 5-soat dars jarayonlarini yakunlab, muassasaning chiqish darvozasi oldiga kelganida navbatchilikda turgan Milliy gvardiya tasarrufidagi maktab qoravuli O.E. oʻquvchilarga dars tugaganligini isbotlash uchun maktab rahbarlaridan birini chaqirib kelishini aytgan. Oʻquvchilar bu koʻrsatmaga boʻysinmay, eshikdan chiqishga uringan vaqtida Gvardiya qorovuli bilan kelishmovchilik yuzaga kelgan.

11-sinf oʻquvchilari U.M., N.T. va qorovul O.E. oʻrtasidagi tortishuv jarayoni nomaʼlum shaxs tomonidan tasvirga olinib, ertasi kuni ijtimoy tarmoqlar orqali tarqatib yuborilgan.

“Holat yuzasidan bugun, 16-may kuni soat 16:30 da 11-sinf oʻquvchilarining ota-onalari bilan Milliy gvardiyaning viloyat boʻyicha boshqarmasi boshligʻi, Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, Maktabgacha va maktab taʼlimi Namangan shahar boʻlimi boshligʻi, mahalla faollari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, yoshlar tarbiyasida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokama qilindi”, deyiladi munosabatda.

Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻquvchilarning ota-onalariga nisbatan farzandlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik yoʻnalishida tergovga qadar surishtiruv ishlari yoʻlga qoʻyilib, maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan maktab rahbarlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Shuningdek, MMTB oʻrganish yakunlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar asosida javobgarlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrilishi bildirilishini qoʻshimcha qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?