Namanganda go‘shtini sotish maqsadida eshaklar so‘yilgani rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda eshak go‘shtini sotishni ko‘zlab nopok ishga qo‘l urgan kimsalar haqida tarqalgan xabar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xabarda Namangan shahri Boburshoh ko‘chasidagi chiqindi qutilardan biriga so‘yilgan eshakning suyak va ichki aʼzolari tashlab ketilgani, tegishli idoralar tomonidan ushbu holatga aniqlik kiritish harakati olib borilgani keltiriladi. Aslida voqea qanday bo‘lgan edi?
Namangan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Toza hudud” DUK, “Musaffo iqlim” masʼuliyati cheklangan jamiyati va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining tezkor saʼy-harakatlari natijasida hayvon chiqindilarini Uychi tumani Yorkatay mahallasida yashovchi A. B. o‘zining “Moskvich” mashinasida olib kelib, maxsus qutiga tashlab ketgani aniqlandi. U akasi N.B. bilan noqonuniy ishga qo‘l urgan. Surishtiruv chog‘ida N.B. bozordan uch bosh eshakni sotib olib, ularni so‘ygach, go‘shtini Namangan shahridagi hayvonot bog‘iga topshirganini maʼlum qildi. Buni hayvonot bog‘ida ekspeditor bo‘lib ishlovchi shaxs ham tasdiqladi.
Bir qaraganda, hammasi to‘g‘ridek. Biroq, chuqurroq mulohaza qilinsa, haqli savol tug‘iladi. Agar eshakning go‘shti haqiqatan ham hayvonot bog‘iga olib ketilsa, bir yo‘la suyaklari bilan topshirilishi kerak emasmidi? Boz ustiga hayvon mohir qassob tomonidan so‘yilganki, go‘shti qovurg‘a suyaklaridan silliq ajratib olingan.
Tekshiruv davomida bo‘g‘izlangan eshaklar va ularning ajratilgan terilari, eshak go‘shti deb gumonlangan lahm go‘sht mahsulotlari, uch dona eshakning ichki aʼzolari aniqlanib, tegishli tartibda xujjatlashtirilgan. Fotosuratlarda maʼlumot berilishicha, mazkur chiqindi tashlash joyiga eshak suyaklari joriy yilning 27 avgustidan buyon uch marotaba olib kelingan.
Surishtiruv davomida topilgan lahm go‘sht va terilar belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Q. NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring