Namanganda 62-Xalqaro gullar festivalining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi

Foto: “Xalq soʻzi”
Mehmondoʻst shahar nafosat shaydolarini Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻiga 22 million, koʻcha va xiyobonlarga 10 million hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkiga 10 million tupdan ortiq gul va koʻchatlar ekkan holda kutib oldi va kuzatib qoʻydi.
Bayramga 6 million nafardan ortiq gulsevarlar, jumladan, 40 dan ziyod mamlakatdan 100 mingga yaqin xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Ularga har kuni biri-biridan mazmunli va serzavq madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlar taqdim etildi. Usta bogʻbon va landshaft dizayni mutaxassislari tomonidan yaratilgan betakror gul koʻrgazmalari, shuningdek, xalqaro IT-Forum, xorijiy ekspertlar ishtirokidagi ilmiy-amaliy konferensiya, hunarmandlar koʻrgazmasi, oʻzbek palovi chempionati, qoʻl jangi boʻyicha xalqaro turnir, Fargʻona vodiysi modalar haftaligi, jahon kinosi haftaligi, Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestrining ochiq osmon ostidagi konserti, Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatri spektakllari, Qoraqalpogʻistonning “Ayqulash” ansambli konserti, askiya va kulgi, nazm va navo kechalari anjuman mehmonlari qalbida uzoq vaqt saqlanib qolishi tabiiy.
— Ayniqsa, jahon estradasining taniqli vakillari — turkiyalik Rafet El Roman, ozarbayjonlik Talib Tale va Zaynab Hasaniylarning katta shou-konsertlari festival mehmonlari uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi, — deydi Namangan viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. — Ushbu konsertlarga umumiy hisobda 50 mingdan ortiq sanʼat ixlosmandlari tashrif buyurib, betakror musiqa va sara qoʻshiqlardan bahramand boʻldilar.
“Afsonalar vodiysi” tematik parkida festivalning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi badiiy dastur koʻngillarga alohida shukuh bagʻishlagan boʻlsa, anjumanda faol ishtirok etib sovrindor boʻlganlarning taqdirlanishi mahoratli gulchilarning mehnatiga munosib ragʻbat boʻldi. Ayni jarayonda festivalni oʻtkazishda faollik koʻrsatgan oliy oʻrin sohiblari “Gentra” va “Monzo” avtomashinalari bilan taqdirlandi. Bunda “Hokimliklar oʻrtasida eng yaxshi landshaft dizayn” nominatsiyasi boʻyicha Norin tumani hokimligi, “Boshqarma va tashkilotlar oʻrtasida eng yaxshi landshaft dizayn” nominatsiyasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Namangan filiali , “Gul avtoparadida eng yaxshi bezatilgan avtomobil” nominatsiyasida “Chortoq Mineral Water“ MCHJ qoʻshma korxonasi va “Eng yaxshi dizayner gulchi” Oybek Nuriddinovga avtomobillar kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring