Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshladi
Moldova hukumati respublikaning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)dagi aʼzoligiga oid uchta asosiy kelishuvni denonsatsiya qilish jarayonini boshladi. Bu haqda 19-yanvar, dushanba kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri va vitse-premyer Mixay Popshoy “Radio Moldova” efirida maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, mazkur qadam Moldovaning MDHdan yuridik jihatdan chiqishini anglatadi, de-fakto esa aʼzolik allaqachon maʼlum vaqt avval toʻxtatilgan.
Moldova hukumati MDHga aʼzolikning huquqiy asosini tashkil etuvchi quyidagi hujjatlarni bekor qilishni rejalashtirmoqda: 1993-yil 22-yanvarda Minsk shahrida imzolangan MDH Nizomi, 1991-yil 8-dekabrda tuzilgan MDHni tashkil etish toʻgʻrisidagi kelishuv hamda ushbu kelishuvga 1991-yil 22-dekabrda qabul qilingan ilova. Popshoyning soʻzlariga koʻra, denonsatsiya jarayoni allaqachon boshlangan va tegishli hujjatlar parlamentning yangi sessiyasi avvalida koʻrib chiqiladi.
“Ehtimol, fevral oyi oʻrtalarigacha hukumatdagi barcha tartib-taomillarni yakunlaymiz, shundan soʻng qaror parlament tomonidan qabul qilinadi”, deb vazir soʻzlarini keltiradi “Moldpress” davlat axborot agentligi.
Mixay Popshoy MDHga aʼzolik boʻyicha kelishuvlarni bekor qilishni “mamlakatning Yevropa yoʻnalishini mustahkamlashdagi muhim qadam” deb baholadi. Shu bilan birga, u Moldova MDH doirasida jami 283 ta kelishuv imzolaganini, ulardan 71 tasi allaqachon denonsatsiya qilingani, yana taxminan 60 tasi esa hozirda denonsatsiya jarayonida ekanini maʼlum qildi.
Vazirning taʼkidlashicha, Kishinyov iqtisodiy foyda keltiradigan yoki fuqarolar uchun amaliy ahamiyatga ega boʻlgan bitimlardan, ular mamlakatning Yevropa siyosatiga zid kelmagan taqdirda, voz kechish niyatida emas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring