Mingbuloqda Koreya sholichilik innovatsiyasi yoʻlga qoʻyildi

13:05 12 Iyul 2024 Jamiyat
806 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Mingbuloq tumani iqtisodiyotida agrar sohasi muhim oʻrin tutadi. Maydonlarida paxta, gʻalla, poliz ekinlaridan tashqari, sholi ham yetishtiriladi. Keyingi paytda koʻchatni undirib olish va parvarishlashda qoʻl mehnatining ulushi yuqoriligi tufayli sholizorlar sezilarli darajada qisqardi.

Janubiy Koreya Respublikasining Buyevoo qishloq xoʻjaligi bilan hamkorlik aloqalari sholichilik rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Ikki yildan beri koreys mutaxassislar bilan sifatli urugʻ yetishtirish, dala ishlariga zamonaviy texnika vositalarini qoʻllash borasida fikr almashib kelinmoqda.

Maʼlumki, sholining hosildorligi koʻchatni muvaffaqiyatli joylashtirish bilan bogʻliq. Bu yuqori sifatli tayyorlangan maydonga urugʻ sepish yoki undirilgan koʻchatlarini oʻtqazish orqali amalga oshiriladi. Soha mehnatchilari uchun ikkinchi usul har jihatdan qulay. Hozir Mingbuloqda sholi koʻchatini ekish Koreya davlatida ishlab chiqarilgan maxsus mashina yordamida bajarilmoqda. “Momoxon oltin zamin dalasi” fermer xoʻjaligida koreys mutaxassislari bilan tashkil etilgan laboratoriya zarur uskunalar bilan jihozlangan. Maxsus joyga sepilgan “Alanga”, “Iskandar” navli 600 kilogramm sara urugʻ bexato undi. Yaxshilab suv bostirilgan 11 gektar maydonga “Yanmar” rusumli koʻchat ekish mashinasi kiritildi.

— “Yanmar” mashinasining ish unumdorligi yuqori, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Dilnoza Hamdamova. — Uning yordamida bir kunda 4 gektar yerga koʻchatlarni joylashtirsa boʻladi. Odatdagi usulda bir gektar yerni qoʻldan chiqarish uchun 50 kishi kun boʻyi engashib suv toʻla sholipoyadan chiqmasdi.

Fermerning sinov tariqasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasidan umidi katta. Koreys hamkorlar tajribasini qoʻllash natijasida gektarlar hosildorligi 20 sentnerga koʻpayib, 80 sentnerdan oshmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?