“Millionlar oʻyini”: birinchi mundial qanday kechgan edi?

15:42 01 Dekabr 2025 Sport
297 0

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻz tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi yurtimizda “millionlar oʻyini”ga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi. Muxlislar 2026-yilda oʻtadigan mundialni intiqlik bilan kutmoqda, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Negaki, dunyoda jahon chempionatida qatnashishga orzumand milliy terma komandalar koʻp. Ammo bu sharaf hammaga ham nasib etavermaydi.

Shu oʻrinda rasman dastlabki jahon chempionati qayerda, qay tarzda kechgan, degan savol ham tugʻiladi.Quyida shu haqda soʻz yuritamiz.

Ilk jahon chempionati 1930-yilning 13 – 30-iyul kunlarida Urugvayda boʻlib oʻtgan. Unda maydon egalari, shuningdek, Argentina, Chili, Fransiya, Meksika, Yugoslaviya, Braziliya, Boliviya, Peru, Ruminiya, AQSH, Belgiya hamda Paragvay terma jamoalari ishtirok etgan. Mundial mezboni sifatida Urugvay tanlangani bejiz emas. Bu terma jamoa oʻtgan asrning 20 – yillarida planetaning eng kuchli komandasi sanalardi. U 1924-yilda Parijda, 1928-yilda Amsterdamda oʻtgan olimpiadalarda oltin medalni qoʻlga kiritgandi.

Aynan olimpiada turniri doirasidagi futbol uchrashuvlarining sport ixlosmandlarida katta qiziqish uygʻotishi FIFAni mustaqil tarzda jahon chempionati oʻtkazish fikriga olib keldi. Bu haqdagi qaror FIFA Kongressida 2028-yilning 28-mayida Amsterdamda qabul qilingan. Niderlandiya poytaxti oʻsha pallada yozgi olimpiadaga mezbonlik qilayotgandi.

Mundialni Urugvayda oʻtkazish qarori qabul qilindi. Ammo koʻplab terma jamoalarda Janubiy Amerikaga logistika yaʼni manzilga yetib borish bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi. Oxir – oqibat birinchi jahon chempionatiga Yevropadan atigi toʻrtta terma jamoa qatnasha oldi, xolos. Turnirning oʻzi esa mundiallar tarixida unda qatnashish uchun saralash bosqichdan oʻtish talab qilinmagan yagona jahon chempionati boʻlib qoldi. Boshqacha aytganda, Urugvayga yetib borish epini qila olgan 13 ta milliy terma jamoaning barchasi bosh sovrin uchun kurashdi. Vaholanki, turnir boshlanishiga ikki oy qolganida ham unda Yevropa vakillarining qatnashishi soʻroq ostida edi.Ammo FIFAning oʻsha paytdagi prezidenti Jyul Rime va safar xarajatlarini oʻz zimmasiga olgan tashkilotchilarning saʼy – harakati bilan “koʻhna qitʼa” ning toʻrtta jamoasi Urugvayga borishga rozilik bildirdi.

Turnir boshida 13 ta terma komanda toʻrt guruhga boʻlindi.Birida toʻrt, qolganlarida uchtadan jamoa bor edi. Guruh gʻoliblarigina keyingi bosqichga chiqadigan boʻldi. Omad Argentina, Yugoslaviya, Urugvay hamda AQSH vakillariga kulib boqdi. Argentina – Fransiya terma jamoalari oʻrtasida kechgan yarim final bahsida Janubiy amerikaliklar tomonidan 81 – daqiqada kiritilgan gol oʻyin taqdirini hal qildi. Toʻgʻri, hakam bilan bogʻliq gʻalati holat ham roʻy berdi. Braziliyalik hakam Almeyda Rego uchrashuv yakuniga hali olti daqiqa vaqt boʻlishiga qaramay oʻyinni tugata qoldi.Tabiiyki, fransuzlar jiddiy eʼtiroz bildirishdi. Uzoq muhokamalardan soʻng oʻyin davom ettirildi. Ammo Yevropa vakili hisobni tenglashtira olmadi.

V guruhida esa shov – shuvli natija qayd etildi. Kutilmaganida braziliyaliklar Yugoslaviya terma jamoasiga 1:2 hisobida yutqazib qoʻydi.Natijada yevropaliklar yarim finalda Urugvay terma komandasiga roʻbaroʻ keldi. Qizigʻi, yarim finaldagi har ikki bahsda ham bir xil natija qayd etildi- 6:1. Argentinaliklar xuddi shu hisobda AQSHni, maydon egalari esa Yugoslaviyani yengdi.

Urugvay va Argentina terma jamoalari oʻrtasidagi hal qiluvchi bahs 1930-yilning 30-iyulida boʻlib oʻtdi.Rasmiy maʼlumotga koʻra, bu oʻyinni 68 ming nafardan sal ziyod muxlis bevosita stadiondan turib tomosha qilgan. Norasmiy manbalar esa uchrashuvni kamida 90 ming tomoshabin kuzatgani, shuning 10 ming nafari argentinalik ishqibozlar ekani haqida xabar bergan.

Uchrashuvning dastlabki boʻlimidan soʻng Argentina terma jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotgan edi. Ammo tanaffusdan soʻng maydondagi vaziyat tubdan oʻzgardi. Tarkibida olti nafar olimpiada chempioni boʻlgan Urugvay terma komandasi tashabbusni qoʻlga olib, raqib darvozasiga uchta javobsiz toʻp yoʻlladi. Qizigʻi, finalda futbolchilarning ikkita har xil toʻp bilan muomala qilishlariga toʻgʻri keldi. Dastlabki boʻlimda argentinaliklar, 2 – boʻlimda esa maydon egalari taqdim etgan toʻp bilan oʻynaldi.Bu ikki terma jamoa oʻrtasidagi ashaddiy raqobat ortidan FIFA shunday yoʻl tutishga majbur boʻldi.

Aytmoqchi, ilk mundialning birinchi gʻolibiga aylangan Urugvay terma jamoasi safida bir qoʻlli futbolchi Ektor Kastro toʻp surgan.Ish joyida baxtsiz hodisa tufayli bir qoʻlidan ajralgan Ektor Urugvayning jahon chempionatidagi birinchi golini, shuningdek, finaldagi gollardan birini oʻz hisobiga yozib qoʻygan.

Bevosita dastlabki mundialga kelsak, u turli xalqlarni dunyodagi eng suyumli oʻyinlardan biri atrofida birlashtirgan birinchi turnir sifatida tarixda qoldi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?