Mendan ketguncha, egasiga yetguncha...
Yaqinda Qoʻqon shahrining “Turkiston” MFYda istiqomat qiluvchi aholi vakillari faolligi tufayli ushbu hududdagi Mahram koʻchasida joylashgan noqonuniy qurilishning oldi olindi. Gap shundaki, yaqinda yillarda bu yerda 18 ta koʻp qavatli uylar qad rostladi. Quruvchi-tadbirkorlar mazkur uylarga tutash boʻsh hududni ham auksion orqali yutib olib, mahalla ahliga notinchlik keltiradigan yana bir qurilishni maqsad qilgandi. Ammo bevosita Qoʻqon shahar hokimiga murojaat qilgan mahalladoshlar ushbu inshoot qurilishini toʻxtatishga muvaffaq boʻlishdi.

—Hamma joy qurilish maydoniga aylanib, toza havo toʻsilishi, daraxtlar kesilishi va yashil hududlar kamayib ketishiga qarshimiz,—deydi “Turkiston” MFYda yashovchi Zohidjon Hasanov.—Shu bois mazkur yerda bayram tadbirlari, toʻy va maʼrakalarni oʻtkazishga moʻljallangan mahalla guzari bunyod etishni rejalashtiryapmiz. Uning atrofida koʻkalamzorlashtirilgan hudud, anvoyi gulzorlar tashkil etiladi. Bolalar maydonchasi qurib bitkazilishi ham koʻzda tutilgan.
Afsuski, soʻnggi yillarda Fargʻona viloyati markazi – Fargʻona shahridan tortib, barcha tuman-shaharlar markazi, mahallalarda koʻp qavatli uylar, aholi yashash xonadonlari atrofidagi boʻsh maydonlarda pala-partish qurilgan turar-joylar, tadbirkorlik qilish maqsadidagi bino-inshootlar koʻpayib ketdi. Yangi binolarning koʻpchiligi bolalar, sport maydonchalari hamda dam olish va hordiq maskanlari oʻrnida qurilgani yanada achinarlidir...
Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan birgina joriy yilning oʻtgan davrida qurilish ishlari olib borilayotgan obyektlarda 23,5 ming marotaba monitoringlar oʻtkazildi. Natijada aniqlangan kamchiliklar boʻyicha 15,7 mingdan ortiq bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berildi.

Taʼkidlash joizki, endilikda qurilayotgan har bir obyektga QR-kodli pasportlarni oʻrnatish joriy etish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar viloyatda 1212 ta obyektga ana shu kabi kodli pasportlar oʻrnatilishi taʼminlandi. Bu pasportlar orqali shaharsozlik subyektlari, qurilish muddati, rasmiy hujjatlar va ekspertiza xulosalari haqidagi maʼlumotlarni olish imkoni mavjud.
Oʻz navbatida inspeksiyada qurilish obyektlarini onlayn kuzatish uchun operatorlar shtabi tashkil etilib, davlat dasturlari asosida bunyod etilayotgan ijtimoiy soha obyektlariga oʻrnatilgan kameralar mazkur shtabga ulangan. Bu har bir jarayonni onlayn kuzatib borish imkonini beradi. Shuningdek, bino-inshootlarda sifat nazoratini amalga oshirishda inspektorlar bodi kamera hamda maxsus planshetlar bilan taʼminlangan.
—Shu yilning oʻtgan davrida Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksning 99-moddasiga koʻra, qurilish sohasidagi huquqbuzarliklari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga 664 ta holatda – 6 milliard 439 million soʻmlik maʼmuriy choralar qoʻllandi,—deydi inspeksiyaning qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish boʻlimi mutaxassisi Umidjon Uzoqov.—Shu bilan birga, 222 ta holatda sifatsiz bajarilgan ishlar aniqlanib, oʻz vaqtida bartaraf etilishiga erishildi.
Shuningdek, 171 ta holatda sifatsiz va loyihadan chetga chiqqan holda amalga oshirilgan qurilish ishlari joyida buzdirib tashlandi. 284 ta holatda qurilish-montaj ishlari loyiha hamda meʼyoriy hujjatlarga zid ravishda bajarilgani aniqlanib, qurilish jarayoni vaqtincha toʻxtatildi. 184 ta koʻp kvartirali uy-joylar, 80 ta holatda noqonuniy yoki zilzilabardoshsiz qurilgan binolarga nisbatan sudlarga davo arizasi kiritildi.
Yuzga yaqin holatda esa litsenziya va ruxsatnomani toʻxtatish, muvofiqlik sertifikatini bekor qilish, texnik va mualliflik nazorati xodimlarini obyektdan chetlashtirish uchun taqdimnomalar chiqarildi. Oʻrganishlar yakunida 24 ta holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

Inspeksiyasining qurilish-sinov laboratoriyasi va bino-inshootlarning texnik holatini oʻrganish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Dmitriy Sonning qayd etishicha, joriy yilning oʻn oyida 650 ga yaqin qurilish obyektlarida laboratoriya sinovlari amalga oshirildi. Natijada 950 dan ortiq sinov bayonnomalari rasmiylashtirildi, ularning 81 tasida salbiy holatlar aniqlangani qayd etilgan.
Laboratoriya xodimlari jahon andozalariga mos 124 ta zamonaviy uskunalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yangi qurilayotgan bino-inshootlarda 50 xilga yaqin sinovlarni oʻtkazish imkonini bermoqda. Mutaxassislar muntazam ravishda tajriba oshirib borishi uchun ham barcha sharoitlar yaratilgani eʼtiborga sazovordir.
Ayni yoʻnalishda Fargʻona viloyatida qurilish sohasida “Shaffof qurilish”, raqamlashtirish tamoyillarini toʻliq joriy etish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Bu qurilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, huquqbuzarlik holatlari hamda korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring