Men bu kunni goʻyoki yuz yillik urushlar tugashini kutgandek kutdim...

17:24 05 Iyun 2025 Sport
389 0

Garchi bu voqea frontdagi jang emas, balki yashil maydondagi kurash boʻlsa-da, yuragimda kechayotgan tuygʻular goʻyoki yillab toʻplangan orzular, ezilgan umidlar va nihoyat, bosh koʻtargan ishonch bilan yoʻgʻrilgan bir tarixiy lahza kabidir. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi agar bugun bor-yoʻgʻi bitta ochko olsa, ilk bor jahon chempionatining shonli sahnasiga qadam qoʻyadi.

Ha, jahon chempionatiga chiqish Fransiya, Angliya yoki Braziliya uchun “oddiy yangilik” boʻlishi mumkin. Ammo biz uchun butun xalq orzusining ushalishi, bir avlod umidining sharafli yakunidir.

Osmon qulab, togʻlar silkinsa kerak, deb oʻylardim. Visolga uzoq kurashdan soʻng erishilsa, shirinroq boʻladi, deyishadi. 1994-yilda FIFAga aʼzo boʻlar ekanmiz oʻsha yili oʻtkazilgan jahon chempionatini oʻtkazib yuborishimiz aniq edi. Ammo 1998-yilda Fransiya, 2002-yilda Yaponiya va Janubiy Koreya, 2006-yilda Germaniya, 2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi, 2014-yilda Braziliya, 2018-yilda Rossiya, 2022-yilda esa Qatar mezbonlik qilgan musobaqadan qolib ketishimiz…

Oradan 31-yil oʻtib yana toʻrt yillikning eng nufuzli turniri ostonasida turibmiz. Taqdir hazilini qarangki, 2026-yilgi turnir ham biz FIFAga aʼzo boʻlganda oʻtkazilgan davlatda boʻlyapti. Ha, biz uchun futbol tarixi ehtimol shu nuqtadan boshlanar.

Yillar davomida biz shunday lahzani kutib yashadik – goʻyoki Ulugʻbek yulduzlar harakatini kuzatib, kelajakni bashorat qilgandek, har safar termamiz harakati bizda “endi boʻladi” degan ishonchni uygʻotar, ammo oxiri yana koʻzlarimizda yosh bilan qolaverardik.

Alamdan qiziqchilarimiz futbolchilar ustidan kular, biz esa yangi jahon chempionatida yana Braziliyaga, Argentinaga, Italiyaga muxlislik qilib oʻtiraverardik. Futbolda mamlakatimiz yomon natijalar koʻrsatmagan, ammo tan olib aytaylik, hech qachon bugungiday hayajon ustida emas edik.

1… Bu natural sonlarning eng kichigi boʻlishi mumkin. Ammo aynan shu sondagi ochko bizni uzoq kutgan orzumizga yetishtiradi. Bugungi ochko – bu faqat raqam emas. Bu – “men oʻzbekistonlikman” deb faxr bilan aytadigan yangi avlod uchun oʻzini koʻrsatish imkonidir.

Bugun murodimiz hosil boʻlsa, minglab ommaviy axborot vositalarida jahon chempionatiga chiqqanimiz haqidagi xabarlarni qayta qayta, xuddi oshiq yigit maʼshuqasining maktubini ming qayta oʻqiganday oʻqishimiz tayin. Bu oʻzgacha hissiyot boʻlsa kerak. Hozirdan uni his qilayotgandayman. Qandaydir nafasim tiqilib turibdi.

Shunday kunlar bor – butun xalq bir yurak boʻlib, ekranga, stadionga, osmonga, soatiga, onasidan qolgan toshoynasiga qaraydi. Va bugun ana shunday kun. Ha, insonning oʻzini baxtli his qilishi uchun koʻp narsa kerak emas.

Olgʻa, Oʻzbekiston!

Sanjar Shomurodov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер