Majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaslik ustidan milliy monitoring oʻtkazilmoqda

Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya tomonidan mamlakatimizda xodimlarni oʻz xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish, shuningdek, majburiy mehnat holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida muntazam tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida ham majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli profilaktik va targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan milliy monitoring hamda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan monitoringlar oʻtkazilmoqda.
Mavsum davomida fuqarolar tomonidan tushayotgan murojaatlarni tezkor koʻrib chiqish hamda mehnat huquqlarini taʼminlash maqsadida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “1176” hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “1092” raqamli Ishonch telefonlari uzluksiz faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Munosibmehnat.uz” telegram boti orqali murojaat yuborish imkoniyati ham yoʻlga qoʻyilgan.
Monitoring jarayonlarida faqat majburiy mehnat holatlari emas, balki mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarining taʼminlanishi ham oʻrganilmoqda.
Olib borilgan oʻrganishlar natijasida 300 dan ortiq holatda terimchi va ish beruvchi oʻrtasida mehnat munosabatlari qonuniy asosda rasmiylashtirilishi taʼminlandi, terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratildi.
Shu bilan birga, 11 ta holatda mehnat qonunchiligi buzilgani, 3 ta holatda esa majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilgani aniqlanib, masʼul shaxslarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49 va 51-moddalari asosida qonuniy choralar koʻrildi.
Milliy komissiya bunday holatlarni qatʼiyan qoralaydi va majburiy mehnat faqat paxta terimida emas, balki barcha sohalarda mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat ekanligini taʼkidlaydi. Shu munosabat bilan barcha ish beruvchilar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari xodimlarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan mehnat huquqlariga rioya etilishini taʼminlashga chaqiradi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash hamda mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega. Mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlangan va milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati hamda majburiy mehnat uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring