Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizga oshirdi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi 2025-yil 20-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishda asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirishga va uni 14 foiz darajasida belgilashga qaror qildi.
Bu qaror inflyatsion bosimlarning yuqori darajada saqlanib qolishi, talabning barqaror oʻsib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi sababli qabul qilingani aytilmoqda.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mazkur qaror inflyatsion xatarlarni jilovlash, iqtisodiyotda pul-kredit sharoitlarini maqbullashtirish hamda oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik targetga tushirish uchun yetarli sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilingan.
Yil boshidan inflyatsiya darajasi biroz oshib, 2025-yil fevral oyi yakuniga koʻra 10,1 foizni tashkil etdi. Bu oʻsish ayrim tovar va xizmatlar narxlarining koʻtarilishi bilan izohlanadi.
Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal xizmatlar, transport, taʼlim va tibbiyot xizmatlari tariflari oshgani inflyatsion kutilmalarga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Shu bois, fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga yetgan.
Oxirgi oylarda xizmatlar inflyatsiyasining yuqori darajada shakllangani iqtisodiyotda yalpi talabning ortib borishi bilan bogʻliq. Xususan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar hajmi oshgani bu jarayonga taʼsir etgan. Bu holat chakana savdo va pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham aks etmoqda.
Markaziy bankning taʼkidlashicha, asosiy savdo hamkor davlatlarning valyutalari mustahkamlanishi taʼsirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etmoqda va oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashgan. Shu sababli, inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish va iqtisodiyotda muvozanatni taʼminlash maqsadida pul-kredit siyosati qatʼiylashtiriladi.
Bu qaror umumiy talabni muvozanatli shakllantirishga yordam berishi va narxlarga oshiruvchi omillar taʼsirini kamaytirishi kutilmoqda. Shu orqali kelgusi choraklarda inflyatsiya darajasi maʼlum miqdorda sekinlashib, yil yakuniga kelib 7-8 foizga tushishi mumkin.
Markaziy bank 5 foizlik maqsadli inflyatsiya darajasiga erishish uchun pul-kredit siyosati qatʼiyligini saqlab qolishini bildirdi. Agar kelgusi choraklarda inflyatsion bosimlar kutilganidan yuqori boʻlsa, pul-kredit siyosati yanada qatʼiylashtiriladi.
Markaziy bank asosiy stavkani qayta koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishni 2025-yil 24-aprel kuniga belgiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring