Mamanboy otaning lolalari...

12:11 14 Aprel 2025 Jamiyat
172 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quvasoy shahrining qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegara hududda joylashgan “Polmon” mahalla fuqarolar yigʻini ahli tomorqadan foydalanishdagi mirishkorligi hamda bogʻdorchilik sohasidagi yutuqlari bilan tanilgan.

Ayni paytda 900 ga yaqin oilada 4500 nafar qirgʻiz millatiga mansub hamyurtlarimiz istiqomat qiladi. Mahalladagi hokim yordamchisi Dostonbek Nazirov koʻmagida keyingi uch yilda qariyb 100 ta oilaga 2,5 mlrd soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Shaxsiy tomorqa yer egalariga 40 ta motokultivator olib berildi hamda 20 ga yaqin xonadon tomorqasida issiqxona barpo etildi.

Bu yil mahalla ahli farovonligini yuksaltirish maqsadida 40 ta mikroloyihalar ishlab chiqilib, bogʻdorchilik, chorvachilik va yilqichilik yoʻnalishida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Mehnat faxriysi Mamanboy Maksitov eng mirishkor oila sohibi boʻlib, 14 sotix yerda Niderlandiya lolalari parvarishlash orqali yiliga ikki marotaba moʻmay daromad oladi. Kuzda lola guli koʻchati, bahor faslida esa tayyor gul sotiladi. Mamanboy otaning lolalari juda ham xaridorgir.

— Hozirda lolaning qizil, sariq va pushtisini yetishtiramiz, joriy yildan oq ranglisini ham ekishni maqsad qilganmiz, — deydi tajribali tomorqachi. — Shu tarzda gullarimizni viloyat boʻylab sotish bilan birga, qoʻshni Qirgʻizistonga ham eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Olma, nok va gilos mevalari yetishtirish hamda asalarichilik oilaning yana bir daromad manbai hisoblanadi.

— Besh nafar farzandim uyli-joyli va barchasining oʻz daromadi bor, — deya suhbatimizni davom ettiradi otaxon. — Chol-u kampir ushbu yumushlarni sogʻlom va jismonan faol boʻlish maqsadida bajaramiz.

Aytish joiz, bugungi kunga qadar Mamanboy ota 10 nafarga yaqin mahalladoshlariga lola yetishtirish sir-asrorini oʻrgatdi. Shu tarzda yaqin istiqbolda Niderlandiya lolalari parvarishi mahallaning asosiy drayverlaridan biriga aylansa, ajab emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер