Kutubxonachilik va mutolaa madaniyati: jamiyat rivojida muhim omil

19:58 20 May 2024 Jamiyat
667 0

Mamlakatimizda kutubxonachilik va mutolaa madaniyatini oshirishga bagʻishlangan qator xalqaro tadbirlar boʻlib oʻtdi. Samarqandda kutubxonchalik boʻyicha Xalqaro forum, Jizzaxda esa “Central Asia 2024: fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzuida anʼanaviy XVII xalqaro konferensiyalari shular jumlasidan. Mazkur tadbirlarda AQSH, Armaniston, Belarus, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va Tojikiston kabi 11 ta davlatdan kelgan 42 nafar xorijiy mutaxassis, 400 dan ortiq mahalliy ishtirokchi — axborot-kutubxona xodimlari, kutubxonachilar, shuningdek, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Xalqaro forum va konferensiya doirasida soha yuzasidan matbuot anjumanlari, ilmiy-amaliy seminar-treninglar, Markaziy Osiyo davlatlaridagi kutubxonalar direktorlarining maxsus koʻrgazmali uchrashuvlari, yalpi majlis, “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimlari oʻtkazildi.

Ilk tadbir Samarqandda tashkil etilib, unga A. S. Pushkin nomidagi axborot-kutubxona markazi mezbonlik qildi. “Kutubxona hamjamiyati: hamkorlik va innovatsiya” shiori ostida boʻlib oʻtgan Xalqaro hamdoʻstlik forumi doirasida “Oʻzbekiston kutubxonalarida bolalar va yoshlarning media va axborot savodxonligini shakllantirish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda axborot-kutubxona markazlarini zamonaviy-texnologik rivojlantirish, raqamli muhitda bosma va qoʻlyozma ilmiy meroslar taqdimoti, kitob mutolaasini keng targʻib etish dasturlari, kutubxonalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari muhokama qilindi.

— Mazkur maʼnaviy-madaniy jihatdan yuksak ahamiyatga ega boʻlgan tadbir axborot-kutubxona, ilm-fan, arxiv va internet tarmoqlarida ish yurituvchilar uchun har tomonlama keng muloqot maydoniga aylandi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xoʻjayev. — Xususan, sohadagi kamchiliklarni hal qilish, boʻshliqlarni toʻldirish, istiqbolli loyihalarni taqdim etish, xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishda nazariy-amaliy tayanch boʻlib xizmat qildi.

Ayonki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanishiga qaramay, aynan kitob va mutolaa jamiyat taraqqiyotida asosiy vosita boʻla oladi. Global axborot jamiyati va keskin ijtimoiy oʻzgarishlar davrida kitobxonlik har doimgidan ham muhim. Mutolaa axborot va bilim, taʼlim, madaniy koʻnikmalarni oʻzlashtirish va shakllantirishning asosiy mezoni hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, kitobxonlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ushbu kutubxonada “Transchegaraviy kutubxona hamkorligi: xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusida Yevroosiyo kutubxonalari assambleyasi vakillari ishtirokida videoaloqa shaklida maxsus yoʻnaltirilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda transchegaraviy kutubxona hamkorligining maxsus konsepsiyasi ishlab chiqilishi zarurati muzokara qilindi va uni Yevroosiyo kutubxonalari assambleyasiga taqdim etish zarurati taʼkidlandi.

Jizzaxdagi xalqaro konferensiya ham oʻziga xos ruhda oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida jam boʻldi. Tadbir avvalida MDH davlatlari kutubxonalari rahbarlari soʻzga chiqib, ushbu xalqaro tadbirning ahamiyati haqida toʻxtaldi, kutubxonachilikni rivojlantirish strategiyalari, xizmat sifatini oshirishning zamonaviy tendensiyalari va boshqa muhim masalalar yuzasidan tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Shundan soʻng, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva Oʻzbekistonda xususiy va mahalla kutubxonalarini tashkil etish hamda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, konferensiya doirasida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “Kitobxonlik — tariximiz, kitobxonlik — bugunimiz, kitobxonlik — kelajagimiz” mavzusida koʻrgazma tashkil etildi.

Mazkur plakat koʻrgazmalar oʻz vaqtida majburiy nusxa sifatida Milliy kutubxonaga taqdim etib kelingan boʻlib, ularda mamlakatimizda ilm, taʼlim, mutolaa, tafakkur, gʻoyalar targʻibotining tarixiy bosqichlari, jumladan, jadidchilik harakatining ezgu maqsad, saʼy-harakatlari oʻz aksini topgan. Koʻrgazma xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Kunning ikkinchi yarmida mahalliy va xorijiy axborot-kutubxona sohasi vakillari ishtirokida yalpi majlis boʻlib oʻtdi. Yalpi majlisda har bir davlat vakili oʻz faoliyati yuzasidan taqdimot oʻtkazdi. Xususan, tizimda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, kutubxonachi kadrlarni tayyorlashda taʼlim muassasalari bilan hamkorlik masalalari, virtual oʻquv zallarining afzalliklari boʻyicha maʼruzalar taqdim etildi.

Yakunda sohada samarali faoliyat olib borayotgan, “ustoz-shogird” anʼanalari boʻyicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishda jonbozlik koʻrsatayotgan, aholi, jumladan, yosh kitobxonlarning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini oshirishga mehnati singan qator faol xodimlar “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda ragʻbatlantiruvchi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?