Kuragi yerga tegmas alplarni maydon kutmoqda

15:39 19 Fevral 2025 Jamiyat
157 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo — kuragi yerga tegmas alplar yurti. Zaminda yuzlab dunyoga mashhur polvonlar yetishib chiqqan. Bu anʼana hanuzgacha bardavom. Ayniqsa, mamlakatimizda sport turlarini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli vohada olimpiya sport turlari ham rivojlanib kelmoqda.

Yurt faxriga aylangan surxondaryolik sportchilar — yengilmas bokschi Bahodir Jalolov, dzyudo olamida porlayotgan Muzaffarbek Toʻraboyev, kuragi yer koʻrmas kurashchi Muhsin Hisomiddinov, shaxmat qirolichasi Umida Omonova, para-taekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasida tengsiz Guljanoy Naimova, muxlis-u mutaxassislar mehrini qozongan para dzyudochilarimiz Feruza Ergasheva, Lobar Xurramova, para akademik eshkak eshishda oʻz tarixini yaratayotgan Muhayyo Abdusattorova singari mahoratli sportchilar vatanimiz bayrogʻini yuksak xalqaro arenalarda hilpiratib kelmoqda.

Bugungi kunda ularning izdoshlari viloyatdagi mavjud 25 ta sport taʼlim muassasalarida toblanayotir. Bundan tashqari, mahallalardagi 352 ta sport inshootida yoshlar sportning oʻndan ortiq turi bilan muntazam shugʻullanib kelmoqda.

— Sport-taʼlim muassasalarida oʻtgan yili 2 ming 969 ta sport guruhlari tashkil etildi. Bu sport guruhlarida 35 ming 527 nafar oʻgʻil-qiz sport turlari bilan muntazam shugʻullanib kelmoqda, — deydi viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev. — Ularning 28 ming 197 nafari asosiy, 7 ming 330 nafari zaxira tarkibni tashkil etadi. Ushbu sportchilarga 1 ming 108 nafar trener sportning sir-asrorlarini oʻrgatyapti. Oʻtgan yilda viloyatimizda 6 ta sport turi boʻyicha 10 dan ortiq Respublika musobaqalari hamda chempionati, kuboklari oʻtkazildi. Bundan tashqari, aholini ommaviy sportga jalb etish boʻyicha 724 ta mahallada 6 ming 500 ga yaqin turli sport tadbirlari oʻtkazilib, unda jami 670 mingdan ortiq aholi jalb etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport tizimi qisqa fursatda umummilliy harakatga aylandi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida viloyatda 654 ming yoshning besh bosqichli sport musobaqalarida oʻz omadlarini sinovdan oʻtkazish ortidan sport musobaqalaridagi faolligi taʼminlandi. Gʻoliblik, shohsupaga koʻtarilish, shiddatli bellashuvlar tafti nafaqat yoshlar, balki oila va mahallasiga zavq, katta orzular sari talpinish hissini berdi. Oʻnlab mahalla va guzarlarda zamonaviy sport maydonchalari bunyod etildi. Musobaqaning Respublika final musobaqalarida jami 31 ta — 14 ta oltin, 11 ta kumush va 6 ta bronza medali qoʻlga kiritildi. Oʻtgan yilda surxondaryolik sportchilar kompleks va xalqaro musobaqalarda jami 144 ta — 39 ta oltin, 47 ta kumush va 58 ta bronza medalni qoʻlga kiritishgan boʻlsada, olimpiya sport turlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatlarida natija koʻrsatilmadi. Joriy yilda hududlarda 7 ming 100 ga yaqin sport tadbirlarini oʻtkazib, aholini ommaviy sportga qamrov darajasini 30 foizga yetkazish, 35 ta mahallada sport maydonchalari tashkil etilmoqda.

Alpomish yurtining chekka hududlarida tugʻma talantlar koʻp. Ularda kuch va iroda, ishtiyoq boʻlsada, aksarida katta sportga olib boruvchi imkoniyat yoʻq edi. Endi har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari boʻyicha kamida 1 tadan toʻgarak boʻlishi shartligi belgilanayotgani, maktablar oʻrtasida olimpiya sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil qilinishi, eng yaxshi natija koʻrsatgan oʻquvchilar seleksiya qilib borilishi, maktablar kerakli sport inventari bilan taʼminlanishi belgilanayotgani ana shunday oʻgʻil-qizlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Raqamlashtirishni keng joriy qilish orqali iqtidorli sportchilarni topish, saralash va ularni tayyorlash boʻyicha ham yangi tizim joriy qilinayotgani bu boradagi adolatni, shaffoflikni taʼminlaydi.

Sportdagi hayajon — bu hayotning oʻziga xos qoʻshigʻi. Unda inson qalbidagi barcha his-tuygʻular bir vaqtning oʻzida mujassam boʻladi. Sportchida gʻalabaga boʻlgan intilish, kuch va iroda, tomoshabinda vatanparvarlik, gʻurur va xavotir hissiyotlari joʻsh uradi. Yangi Oʻzbekistonni yangi gʻalabalar bilan butun dunyoga tanitayotgan mard va jasur sportchilarimiz xalqimizga oʻzlarining yorqin gʻalabalari bilan ana shunday totli lahzalarni yanada koʻproq tortiq etishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер