Kunchiqar yurt istiqboli

17:45 16 Aprel 2025 Jamiyat
261 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyati sanoati rivojlanib borayotgan hudud hisoblanadi. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligida yetarli tajriba maktabini yaratganligi bilan eʼtiborlidir. Bu aholi bandligini taʼminlash va real daromadlarini oshirishda tomorqadan, mahallalarda dehqonchilik qilish uchun ijaraga ajratilgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, xususan, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilgan ishlar samaradorligida muhim oʻrin tutmoqda.

— Ayni paytda viloyatimizda 11 mingdan ziyod sanoat korxonalari faoliyat olib bormoqda, — deydi xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati Nasibaxon Toʻychiyeva. — Ularning aksariyati mavjud 47 ta sanoat zonasida mujassamlashgan. Davlatimiz rahbarining oldingi yillarda viloyatimizga tashriflari chogʻida bergan koʻrsatmalari ijrosini taʼminlash doirasida 2,3 trillion soʻmlik 1000 ta loyiha amalga oshirildi. Mazkur zonalarda oʻtgan yilda 1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 31 million dollarlik eksport qilindi.

— Oʻtgan yili tumanlardagi ijaraga ajratilgan 436 gektar yer maydonlarida 2 ming 434 ta dehqon xoʻjaliklari ishtirokida 44 ta loyiha yuzaga chiqarildi, — deydi xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati Xurshidaxon Xalilova. — Natijada 133,6 milliard soʻmlik 31,9 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirildi. Har bir xoʻjalik oʻrtacha 55 million soʻmdan daromad oldi. Masalan, Asaka tumanining Obod mahallasida 65 nafar fuqaroga ajratilgan 10 gektar yer maydoni tanlab olinib, bodring yetishtirish boʻyicha samarali ish olib borayotgan tajribali fermerga biriktirildi. Bank tomonidan mahsulot yetishtirish xarajati uchun 150 million soʻm miqdorida kredit ajratildi. Natijada 560 tonna bodring yetishtirilib, xorijga 3,9 milliard soʻmlik eksport faoliyati tashkil etildi. Bu har bir yer egasining 60 million soʻm daromad topishiga sabab boʻldi.

Viloyatda turli dasturlar doirasida aholi daromadini oshirish hamda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun 49 mingta loyiha tashabbuskoriga 1 trillion 106,6 milliard soʻm miqdoridagi kreditlar ajratildi. Oʻtgan yilda bunday xayrli ishlar tufayli 447 ming 975 nafar ishsiz aholi doimiy daromad manbaiga ega boʻldi. Natijada ishsizlik darajasi yil boshiga nisbatan 1,6 foizga kamayib, 5,4 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, ishsiz aholini kasb-hunarga tayyorlash va tadbirkorlikka yoʻnaltirish hamda oʻqitish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, viloyat mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha 21 ming 352 nafar ishsiz fuqaro oʻqitildi. Oʻqishga jalb etilganlarning aksariyati “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz fuqarolardan iborat boʻldi. Ularning 92 foizi ish bilan taʼminlandi.

— Turmush oʻrtogʻim vafotidan soʻng uch nafar voyaga yetmagan farzandim bilan qoldim, — deydi Andijon shahrida yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi Gulnoraxon Otajonova. — Na kasbim, na hunarim borligi uchun ishga joylasha olmadim. Kutilmaganda mahalla faollari holimdan xabar olishib, vaziyatni oʻrganishdi. Qandolatchilikka qiziqishimni inobatga olishib, ushbu yoʻnalishda saboq beruvchi oʻqishga taklif qilishdi. Bu yerda olgan bilimlarim qisqa muddatda yakka tadbirkorlik faoliyatini boshlashimga turtki boʻldi. Hozir xonadonimda turli pishiriqlar tayyorlayapman. Bu borada ikki nafar qoʻshnim yaqindan yordam beryapti. Mahsulotimizni Andijon shahridagi savdo doʻkonlariga peshma-pesh yetkazib bermoqdamiz. Shu tariqa bir oyda oʻrtacha 5-6 million soʻm daromad ishlab topyapman.

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi ham viloyat hayotida tub burilishlar yasashi muqarrar. Respublikamizning kunchiqar yurtida yangi istiqbolli loyihalar yoʻlga qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер