Kreml Putin va Tramp oʻrtasidagi uchrashuv vaqtini eʼlon qildi

Foto: Reuters
Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvi Alyaskada mahalliy vaqt bilan 11:30da (Moskva vaqti bilan 22:30) boshlanadi. Bu haqda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov maʼlum qildi.
“Hammasi ertaga, 15-avgust kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 11:30da Vladimir Vladimirovich Putin va Donald Tramp oʻrtasidagi suhbatdan boshlanishi koʻzda tutilmoqda”, — deydi Ushakov.
U ikki davlat rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik nihoyasiga yetayotgani, ayrim masalalar “intensiv rejimda” olib borilayotgani va koʻplab masalalar, jumladan, vizalar ham hal etilayotganini, Ukrainadagi mojaro masalasi ikki prezident uchrashuvining asosiy mavzusi boʻlishini taʼkidladi.
Shuningdek, u “5 dan 5 gacha” formatida oʻtkaziladigan delegatsiyalar doirasida kengaytirilgan muzokaralar rejalashtirilganini aytdi. Putin va Trampning qoʻshma matbuot anjumani ham kutilmoqda.
Putin va Tramp Alyaskada nimalarni muhokama qiladi?
Ushakovning aytishicha, Ukraina masalasi Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning Alyaskadagi uchrashuvining asosiy mavzusi boʻladi.
“Asosiy mavzu Ukraina inqirozini hal qilish boʻladi. Tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha kengroq vazifalar, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar ham muhokama qilinadi”, — deydi Ushakov.
Bundan tashqari, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, iqtisodiy va savdo sohalarini muhokama qilishlari kutilmoqda. Muhokama qilish mumkin boʻlgan yana bir mavzu — bu Arktikada energetika sohasida hamkorlik.
Bir kun avval Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari, jumladan Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ishtirokida videokonferensiya oʻtkazildi. Yevropaliklar AQSH prezidentidan Rossiya rahbari bilan muzokaralarda Ukraina va Yevropa manfaatlarini hisobga olishni soʻradi.
Buyuk Britaniyada Putin Trampga yon bermasligi aytildi
Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashrining yozishicha, Tramp uchun Putinni Ukraina boʻyicha oʻz pozitsiyasini oʻzgartirishga koʻndirish nihoyatda qiyin boʻladi, chunki Rossiya Qurolli kuchlari Donbasdagi front chizigʻini yorib oʻtib, olgʻa qadam tashlamoqda.
“Dobropilye yaqinidagi mudofaaning muvaffaqiyati Ukraina uchun “juda bevaqt” boʻlib chiqdi, chunki bularning barchasi Tramp va Putinning Alyaskadagi uchrashuvidan bir necha kun oldin sodir boʻlmoqda. Ammo Tramp, agar Rossiya yetakchisi Kiyevning oldinga siljishini toʻxtata olmasligini koʻrsa, Putinni oʻz pozitsiyasini oʻzgartirishga ishontirishda qiynalishi mumkin. Putin allaqachon Rossiya Ukrainadagi urushda asta-sekin gʻalaba qozonayotganiga ishonmoqda”, — deyiladi gazeta maqolasida.
Shu yilning 12-avgust kuni “New York Times” gazetasi rus qoʻshinlari Donesk Xalq Respublikasining Pokrovsk yoʻnalishi boʻyicha Konstantinovka va Dobropolye oʻrtasidagi Ukraina Qurolli kuchlarining mudofaa chizigʻini yorib oʻtgani va dushmanning jangovar chizigʻiga 10 km.dan ortiq masofani bosib oʻtgani haqida xabar berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring