Koʻrgazma buxorolik sanʼatsevarlarga navroʻzona kayfiyat ulashmoqda
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida mamlakatimiz poytaxtida yashab ijod qilayotgan mahoratli rassom, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi Sardor Nugʻmanovning shaxsiy koʻrgazmasi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda muzey masʼul xodimi Raʼno Eshonqulova, viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Obid Mavlonov va boshqalar musavvirning izlanuvchanligi, fidoyiligi, ijodining oʻziga xosligi, asarlari kishiga navroʻzona kayfiyat ulashishi haqida soʻz yuritdilar.
“Qaytish” deb nomlangan mazkur koʻrgazma ramziy maʼnolarga ega. Bir jihatdan u rassomning uzoq muddatli ijodiy tanaffusini, yana bir tomondan insonning oʻzligiga qaytishini anglatadi. Zero, ijodkorda tabiat va inson mavzusi bosh yoʻnalish sanaladi. Musavvir ona tabiatning boshqalar oddiy koʻz bilan ilgʻamagan nozik qirralarini oʻziga xos yoʻsinda tasvirlab, odamzotni nabotot olamini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga daʼvat etadi. Asarlarining Fransiya, Germaniya, AQSH, Turkiya kabi davlatlardagi shaxsiy kolleksiyalardan oʻrin olgani rassom mahorati eʼtirofidir.

— Musavvir asarlarida tabiat va insonning uygʻunligini koʻrsatadi, — deydi buxorolik erkin ijodkor Aziza Avezova. — Odamlarni ogohlikka chaqiradi. Aks holda tabiatning jazosi bor. Men bu koʻrgazma orqali oʻzim uchun juda koʻp narsalarni oldim. Ular kelgusi ijodimda asqatadi, albatta.
Aytish kerakki, bunga qadar Sardor Nugʻmanovning Toshkent va Samarqand shaharlarida shaxsiy koʻrgazmasi oʻtkazilgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring