Isroil Livandagi quruqlikdagi operatsiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda

17:31 14 Mart 2026 Dunyo
300 0

Isroil Livandagi quruqlikdagi operatsiyasini sezilarli darajada kengaytirishni va “Hizbulloh” harakatining harbiy infratuzilmasini yoʻq qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Axios.

“Biz Gʻazoda amalga oshirgan ishimizni bu yerda ham qilmoqchimiz”, — dedi Isroilning yuqori martabali mulozimlaridan biri.

Portal maʼlumotlariga koʻra, suhbatdosh Isroil tomonidan “Hizbulloh” qurol saqlash va hujumlar uyushtirish uchun foydalanadi deb hisoblaydigan binolarning vayron qilinishini nazarda tutgan.

Axiosʼning yozishicha, bunday koʻlamdagi operatsiya Livan janubining Isroil tomonidan uzoq vaqt davomida okkupatsiya qilinishiga olib kelishi mumkin. AQSH maʼmuriyati operatsiya oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlamoqda, biroq shu bilan birga Livanga yetkaziladigan zarar minimal boʻlishini talab qilmoqda. Shuningdek, Vashington urushdan keyingi kelishuvni imzolash uchun Isroil va Livan oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazilishiga harakat qilmoqda.

Isroil rasmiylarining qayd etishicha, yaqin vaqtgacha mamlakat hukumati eʼtiborni Eronga qaratish uchun Livandagi eskalatsiyani tiyib turishga harakat qilgan edi. Biroq “Hizbulloh” shu haftada Isroil hududiga raketa zarbasi berdi.

“Ushbu hujumgacha biz Livanda oʻt ochishni toʻxtatishga tayyor edik, ammo undan keyin keng koʻlamli operatsiyadan ortga qaytish yoʻli yoʻq”, — dedi manba.

Qayd etilishicha, AQSH rasmiylari Isroildan operatsiya davomida Bayrut xalqaro aeroporti va Livanning boshqa davlat infratuzilmalarini bombalamaslikni soʻragan.

Taʼkidlanishicha, Isroil aeroportga zarba bermaslikka rozi boʻlgan, biroq boshqa davlat infratuzilmalarini himoya qilish majburiyatini olmagan. Isroil tomoni har bir alohida holat boʻyicha Vashington bilan maslahatlashib ish koʻradi.

Avvalroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) “Sodiq vaʼda 4” operatsiyasining 48-toʻlqini oʻtkazilganini maʼlum qilgan edi. IIMK xabariga koʻra, operatsiya “Hizbulloh” bilan birgalikda amalga oshirilgan. Isroilning shimoliy hududlari, Goʻlan tepaliklari va Xayfa shahri oʻqqa tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?