Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi

17:38 28 Avgust 2024 Siyosat
224 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Oliy Majlis Senatining ellik oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, aholining ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish va odil sudlovni taʼminlash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishda arizaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati qatʼiy belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab sudga murojaat qilish huquqi kafolatlarini yana-da kuchaytirishga, shuningdek, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng Qonun maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?