Kitobxon oila-millat kelajagi
Namanganda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovining yakunlovchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Viloyat markazidagi “Yangi Oʻzbekiston yoshlari –ziyo maskani”da tashkil etilgan tadbirda birinchi bosqichda saralangan 14 ta kitobxon oila gʻoliblik uchun kuch sinashdi.
Mamlakatimizda anʼana tusini olgan ushbu tanlov yosh oilalar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xonadon har bir aʼzosini adabiyot mutolaasiga keng jalb etish, ular oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat, odob-axloq fazilatlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, xalqimizning bilimdonlik darajasini oshirish, insonlar oʻrtasida yuksak fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Quvonchli jihati, uning qamrovi yildan-yilga kengayib, nufuzi tobora ortib borayotganligi kuzatiladi. Birgina joriy yil mavsumida 96 mingga yaqin yosh oila ishtirok etish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtib, bahsga kirishganligi va ayni koʻrsatkich 2024-yildagiga nisbatan 2000 taga ortgani buning yaqqol tasdigʻidir.


Tanlov nizomiga koʻra, unda Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qatʼiy nazar 30 yoshgacha boʻlgan barcha yosh oilalar ishtirok etish huquqiga ega. Bu yilgi bahslarda 1995-2005-yillar oraligʻida tugʻilgan yosh oilalar (er va xotin) ishtirok etib, bellashuv uch bosqichda tashkil etildi.

Birinchi bosqichda daʼvogarlar arizasi qabul qilinib, maxsus bot orqali roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng ishtirokchilar test sinovi asosida saralandi va natijalarga koʻra tuman (shahar) kesimida eng koʻp ball toʻplagan bir oila keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi bosqich esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ikkita shart “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” yoʻnalishlarida tashkil qilindi. Shu tariqa 14 oila tanlovning respublika bosqichiga yetib keldi.


Namanganda boʻlib oʻtgan final bosqichi teletanlov shaklida, “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Insho yozish” va “Tezkor savol-javob” shartlari boʻyicha qatnashchilarni sinovdan oʻtkazdi. Yakunda Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Quyoshli” mahallasida yashovchi Javohir Eshonqulov, Sirgʻali tumani “Oʻzgarish” MFYdan Ismoil Sattorov, Andijon viloyati Buloqboshi tumani “Koʻprikboshi” mahallasida yashovchi Neʼmatilla Mahammadjonov oilalari sovrinli oʻrinlarga loyiq topildi. Birinchi oʻrinni egallagan Eshonqulovlar oilasi Prezident sovgʻasi — “BYD” elektromobili, 2-oʻrin sohiblari 50 million soʻm, 3-oʻrin egalari 30 million soʻm pul mukofoti, diplom va kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi. Qolgan barcha ishtirokchilarga ham 10 million soʻmdan pul mukofoti, kitoblar toʻplami, sertifikatlar topshirildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring