Kimning palovi totli?

17:37 31 May 2023 Jamiyat
603 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Ko‘pchilikni qiziqtirgan  bu savolga Namanganda  o‘tkazilayotgan  62-Xalqaro gullar festivali doirasida tashkil etilgan  “O‘zbegim palovi madaniyati” tanlovida  aniqlik kiritildi.  Davlatobod tumanidagi “Afsonalar  vodiysi”  tematik parkida   to‘rt kun  davom etgan tanlovda yuzdan ortiq oshpazlar ishtirok etib,  o‘zbek xalqining  sevimli milliy taomi hisoblangan palovning   o‘nlab turlarini tayyorlash bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdilar.  Ular tomonidan   qazili, kavatakli, sarimsoqpiyozli, bulg‘or qalampirli  oshlar  devzira, cho‘ng‘ara, lazer guruchlarida pishirilib, hakamlar hay’atiga havola etildi.  Ayni jarayonda Namangan shahridagi “Beshchinor” oshxonasining yosh oshpazi Yahyo  Abdulhayevning  bitta qozonda ikki  xil palov tayyorlash tajribasi   ko‘pchilikni hayratga solgan   holatlardan biri bo‘ldi.

- Festival mehmonlarida katta taassurot  uyg‘otgan  palov ustalari bellashuvi shahrimizda  gastronomik turizm jadal ravnaq topayotganini yana bir karra  namoyish qildi, - deydi viloyat oshpazlar uyushmasi raisi Osim Inomboyev. -  Ishtirokchilar  shartlarni bajarish chog‘ida nafaqat mazali taom  tayyorlash, balki, oshxona va restoranlarda xizmat ko‘rsatish madaniyatini ham ko‘rsatdilar. Belgilangan vaqt oralig‘ida palovni maromiga yetkazib pishirish  ustivor  shart sifatida qo‘yilib, aksariyat qatnashchilar uning uddasidan chiqishga muvaffaq bo‘ldilar.

Festivalning minglab mehmonlari  katta qiziqish bilan kuzatgan  tanlov yakuniga ko‘ra  “Eng yosh oshpaz”, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng mazali o‘zbek taomi” singari  o‘nga yaqin nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.  Gʻoliblik shohsupasining eng yuqori o‘rinlari  Yahyo Abdulhayev, Dilshod Saydullayev, Otabek Nishonov singari  mahorat sohiblariga nasib etdi.

Gʻoliblar tanlov tashkilotchilarining mahsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

                                                                    Qudratilla NAJMIDDINOV

                                                  “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?