“Kichik biznesda katta imkoniyatlarni koʻrdim”

14:36 26 Sentyabr 2024 Jamiyat
284 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bundan ikki yil muqaddam Buxoro shahridagi “Havzi nav” mahallasi faollari shu hududda yashovchi Oliya Shukurovaga “Hovlingizda kichik sex ochasiz. Uyingizdan buyurtmachilarning qadami uzilmaydi”, deyishganida u bir ishonib, bir ishonmagan edi.

Oliya opa subsidiya asosida tikuv mashinasi oldi. Kunni tunga ulab ishladi. Mijoz orttirdi. Natijada roʻzgʻoriga baraka kirdi. Keyin esa kelini-yu mahalladoshlarini qavatiga oldi. Unga moliyaviy muassasadan 100 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bu sarmoyaga tikuv mashinalari xarid qildi. 10 ta ish oʻrni yaratdi.

— Turli kiyim-kechaklar, roʻzgʻorbop buyumlarimiz orqali bozorda oʻz oʻrnimizni topdik, — deydi tadbirkor. — Buyurtmalar koʻp tushayapti. Barchasiga ulgurish harakatidamiz. Toʻgʻri, bizning biznesimiz oʻz nomi bilan kichik biznes. Lekin men unda katta imkoniyatlarni koʻrdim. Eng muhimi, nafaqat oʻzimning, balki ishchilarimning ham roʻzgʻori but. Bilasizmi, ular maʼraka-mavrid oʻtkazishsa, topganlari yaxshi kunlariga buyurayapti, deb xursand boʻlaman.

“Havzi nav”dan chamasi 65 kilometr olisda joylashgan “Doʻrmon” mahalla fuqarolar yigʻinida ham shu mazmundagi soʻzlarni eshitishimizga toʻgʻri keldi. Shofirkon tumanidagi mazkur mahallada “Nuriya Sulton chevarlari” tikuvchilik korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.

— Oʻtgan yilda bank tomonidan ajratilgan 100 million soʻm miqdoridagi sarmoya evaziga shu korxonani barpo etdik, — deydi loyiha tashabbuskori Gulsara Karimova. — Choyshablar toʻplami ishlab chiqaryapmiz. Qishlogʻimizning oʻndan ziyod xotin-qizlari ishli boʻldi. Ularning oʻz hayotlaridan, ishlaridan roziligini koʻzlariga boqib his qilaman. Bu menga kuch-quvvat bagʻishlaydi. Mahsulot assortimentini koʻpaytirish, sohaga yangi texnologiyalarni jalb etish orqali xalqaro bozorda ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish niyatidamiz.

Har ikkala tadbirkor ayolning oʻz ishchilari turmushi farovonligi haqida alohida toʻxtalishi bejiz emas, albatta. Foydali ijtimoiy mehnat bilan band kishining oilasi tinch, roʻzgʻori but boʻladi. Oila deya atalgan qayiq hayot ummonining poʻrtanalari oldida ojiz qolmaydi.

Tabiiyki, bu kabi kichik biznes subyektlari viloyat sanoat xaritasida oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolayotgani yoʻq. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar, sektorlar, mahalla “yettiligi”, moliyaviy muassasalar, davlat va nodavlat tashkilotlarining aholi orasida olib borayotgan targʻibot-tashviqot ishlari kichik biznes rivojiga xizmat qilyapti. Shunday muassasalardan biri “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat boʻlimidir.

— Bugungi kunda ikki ming nafarga yaqin tadbirkor xotin-qiz aʼzomiz bor, — deydi mazkur boʻlim rahbari Dilbar Ahmedova. — Viloyat boʻyicha jami oʻn mingdan ziyod xotin-qiz tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda. Ularni 12 ta shahar va tumandagi boʻlimlarimiz bilan hamkorlikda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga harakat qilyapmiz.

Assotsiatsiyaning viloyat boʻlimi beshta yoʻnalishda ish olib bormoqda.

Oʻz ishini boshlamoqchi boʻlgan va tadbirkor faoliyati bilan mashgʻul xotin-qizlarning iqtisodiy, huquqiy va tadbirkorlik borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish shularning biri sanaladi. Ushbu yoʻnalishda xotin-qizlar oʻrtasida oʻquvlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, biznes-uchrashuvlar tashkil etilmoqda. 2021-2023-yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan yoki tadbirkorlik etagidan tutgan 3657 nafar xotin-qizning bilim va koʻnikmalari oshirildi. 1678 nafar ayol oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, yangi ish oʻrinlari yaratdi. Assotsiatsiyaga murojaat qilgan va tadbirkorlikka oʻqitilgan 1437 nafar xotin-qizga bank muassasalari tomonidan kreditlar ajratildi.

Bizga yana bir eʼtiborga molik dalilni taqdim etishdi. “Sabr mikromoliya tashkiloti” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Jahon bankining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash toʻgʻrisida”gi loyiha doirasida Buxoro viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, “ayollar”, “yoshlar” daftarlariga kirgan 496 nafar fuqaro oʻqitildi va ularga tegishli sertifikatlar berildi.

Bu kabi keng qamrovli ishlar kichik va oʻrta biznes ravnaqiga xizmat qilyapti, bandlik masalasini hal etish, kambagʻallikka barham berishdek dolzarb ijtimoiy muammoga yechim topishda qoʻl kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?