Kiberjinoyatchilik — zamonaviy jamiyat uchun yangi tahdid
Fan va texnika taraqqiyoti insoniyat hayotiga beqiyos qulayliklar olib kirdi. Bugun deyarli har bir fuqaro bank xizmatlari, toʻlovlar, davlat va xususiy xizmatlardan onlayn foydalanmoqda. Bu esa vaqt va mablagʻni tejash, hayot surʼatini jadallashtirishga xizmat qilyapti. Biroq har qanday taraqqiyot singari raqamli texnologiyalar rivoji ham ayrim salbiy holatlarni yuzaga chiqarmoqda. Ular orasida eng xavflisi va jamiyat uchun jiddiy tahdidga aylanib borayotgani — kiberjinoyatchilikdir.
Kiberjinoyatchilik — bu axborot texnologiyalari, kompyuter tarmoqlari, mobil qurilmalar va internet xizmatlaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlar majmuidir. U asosan firibgarlik, oʻgʻrilik, shaxsiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritish, shantaj, haqorat va obroʻsizlantirish kabi jinoiy harakatlarda namoyon boʻladi. Afsuski, soʻnggi yillarda ushbu turdagi jinoyatlar nafaqat jahonda, balki Oʻzbekistonda ham keskin koʻpayib bormoqda.
Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning aksariyati bank plastik kartalari bilan bogʻliq. Onlayn toʻlovlar ommalashgani, bank xizmatlarining raqamlashgani bir tomondan qulay boʻlsa, ikkinchi tomondan firibgarlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jinoyatchilar oʻzlarini bank yoki toʻlov tizimlarining “rasmiy vakili” sifatida koʻrsatib, messenjerlar orqali fuqarolar ishonchiga kiryapti, ulardan karta rekvizitlari, tasdiq kodlari yoki shaxsiy maʼlumotlarni aldov yoʻli bilan qoʻlga kirityapti.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi toʻrt yil ichida fuqarolar kiberjinoyatlar oqibatida qariyb 1,9 trln soʻm miqdorida moddiy zarar koʻrgan. Ayniqsa, Toshkent shahrida kiberjinoyatlar ulushi yuqori boʻlib, ularning 40 foizdan ortigʻi poytaxt hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Buning sabablari ham mavjud: aholi zichligi, toʻlov tashkilotlari va banklarning markaziy ofislari shu yerda joylashgani, respublika boʻyicha chiqarilgan bank kartalarining katta qismi aynan Toshkentda faol qoʻllanilayotganidir.
Afsuslanarli tomoni shundaki, kiberfiribgarlik qurbonlarining katta qismini 40 yoshdan 80 yoshgacha boʻlgan fuqarolar tashkil etmoqda. Ular koʻpincha axborot texnologiyalari boʻyicha yetarli bilimga ega emasligi, ishonchuvchanligi yoki shoshma-shoshar qaror qabul qilishi sababli firibgarlar tuzogʻiga tushib qolyapti. Bank kartasi maʼlumotlarini boshqalarga oshkor qilish, shubhali havolalarni ochish, nomaʼlum shaxslarga tasdiq kodini aytib berish kabi xatolar ogʻir moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, kiberjinoyatchilik faqat moddiy zarar bilan cheklanib qolmayapti. Internet tarmoqlarida haqorat, tuhmat, shaxs shaʼni va qadr-qimmatini poymol qilish, kiberbulling holatlari ham keskin koʻpaymoqda. Ayniqsa, yoshlar va bolalar bunday jinoyatlarning ham qurboni, ham ayrim hollarda ijrochisiga aylanib qolyapti. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, kiberjinoyatlarning 70 foizi aynan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar zamonaviy texnika vositalari bilan taʼminlanib, xalqaro tajriba asosida malaka oshiryapti. Oliy taʼlim muassasalari, maktablar, hatto maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda profilaktik targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu esa kiberjinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, kiberjinoyatchilikka qarshi eng samarali kurash usuli — fuqarolarning oʻz ongi, ehtiyotkorligi va axborot madaniyatidir. Har bir inson oʻz bank kartasi maʼlumotlari, shaxsiy maʼlumotlari va onlayn faoliyatiga nisbatan masʼuliyat bilan yondashmasa, hech qanday texnik vosita yoki nazorat tizimi uni toʻliq himoya qila olmaydi. Shu bois fuqarolar hech qachon karta raqamini, amal qilish muddatini, PIN yoki SMS orqali keladigan tasdiq kodini boshqalarga oshkor etmasligi, shubhali akkauntlar va manbalar bilan muloqotga kirishmasligi lozim.
Xulosa qilib aytganda, kiberjinoyatchilik bugungi kunda zamonaviy jamiyatning eng jiddiy muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Unga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir fuqaroning ham burchidir. Hushyorlik, raqamli savodxonlik va masʼuliyat — kiberjinoyatchilikka qarshi eng kuchli qalqondir. Faqat ana shundagina biz oʻzimiz va yaqinlarimizni moliyaviy, maʼnaviy hamda axborot xatarlaridan himoya qila olamiz.
Baxodir Karimov,
Uchtepa tumani IIOFMB XPB
ATSJOOB xodimi, katta leytenant
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring