Xorazmda snaryad portlab ketishi oqibatida bir kishi halok boʻldi

20:11 23 May 2025 Jamiyat
270 0

Illyustrativ foto

Xorazm viloyati Yangiariq tumanida metallolomga topshirilgan snaryad portlab ketishi oqibatida bir nafar fuqaro halok boʻldi. Bu haqda “Kun.uz” oʻz manbasiga tayanib xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, voqea joriy yilning 11-aprel kuni sodir boʻlgan. Yangiariq tumanidagi metallolom yigʻish shoxobchasiga olib kelingan temir-tersaklar tushirilayotganda ular orasida boʻlgan snaryad portlab ketgan. Oqibatda mazkur shoxobchada ishlovchi 31 yoshli O.B. ogʻir tan jarohati olib, vafot etgan.

Qayd etilishicha, portlashdan soʻng voqea joyiga huquq-tartibot organlari xodimlari va sapyorlar yetib borgan. Oʻrganish jarayonida manzildan yana 30 ga yaqin snaryad topilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu snaryadlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida harbiy xizmatchilardan sotib olingani haqida xabarlar tarqalgach, Mudofaa vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

“Shuni maʼlum qilamizki, ushbu snaryad vazirlik tasarrufida boʻlmagan hududda mahalliy choʻponlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan qazib olingan hamda metallolomga topshirilgan. Bunday holatlarda fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan xabar qilishi shart”, deyiladi vazirlik xabarida.

Taʼkidlanishicha, voqeaga harbiy xizmatchilarning hech qanday aloqasi yoʻq va ulardan hech kim jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Mazkur turdagi snaryad Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida mavjud emas. Maʼlumotlarga koʻra, bu turdagi snaryad 1970-yillarda qoʻllanilgan.

“Ayni vaqtda holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deb yozadi Mudofaa vazirligi axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер