Xonobod dunyoni oʻziga chorlamoqda

2017-yil 2-3-iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif chogʻida Xonobod shahrini Fargʻona vodiysidagi yirik sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan aniq topshiriqlar berilgan edi. Bugun mazkur koʻrsatmalar asosida Xonobod shahri tom maʼnoda qayta qad rostlamoqda. Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan, “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan, musaffo havosi va goʻzal tabiati bilan mashhur maskan nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarni ham oʻziga jalb qilmoqda.
Hozirda shaharda turizmni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 3 ta yirik dam olish oromgohi, 11 ta turistik maskan, 5 ta sport inshooti, 830 ta dala hovli, “Fozilmon ota“ ziyoratgohi, 88 turdan ortiq noyob manzarali daraxtlar parvarish qilinayotir. Ziyorat, tibbiyot, eko, sport va gastro turizm hamda oilaviy klasterlar faoliyat yuritmoqda. Baliqchilikka ixtisoslashgan “Afsona” oromgohi, milliy taomlar bilan mashhur “Anhor” choyxonasi, qirgʻiz xalq taomlari tortiq etiladigan “Oʻtov” dam olish maskani, “Xon-togʻ” adirligidagi tibbiy sanatoriylar buning isbotidir. Bularning barchasi har yili oʻtkazilayotgan “Dunyo sadolari“ xalqaro estrada festivali bilan yangi mazmun kasb etmoqda. Festival nafaqat sanʼat bayrami, balki turistik salohiyatni namoyon etadigan, madaniyat, hunarmandchilik va gastronomiyani qamrab olgan kompleks tadbirga aylandi.
Joriy yilning 15–17-avgust kunlari ushbu festival uchinchi marta boʻlib oʻtadi. Ayni kunlarda unga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Buning uchun “Kampirrovot” MFYdagi foydalanilmayotgan hududdagi 97 gektar maydonda yangi dam olish maskani barpo etilmoqda. U 27 ta lotga boʻlingan boʻlib, tarkibi 25 gektarli sunʼiy koʻl, 3 ta ochiq plyaj va akvapark, 8 ta 100 oʻrinli apart-otel, 1 ta 200 oʻrinli mehmonxona, savdo-koʻngilochar markazi, sport va aholi dam olish maskanlaridan iborat.
—Manzilda ichimlik suvi taʼminotini yoʻlga qoʻyish maqsadida 1 km. masofaga quvur tortish ishlari bajarildi,—deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Xumoyun Alimov. —Qolaversa, har bir obyektga suv joʻmraklari olib kirildi. Bu bilan nafaqat, festival doirasida, balki yilning istalgan paytida sifatli taʼminotni yoʻlga qoʻyish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, 2 km.dan ortiq masofadan iborat yoʻlga asfalt yotqizildi. Yuzlab temir-beton ustunlar oʻrnatilib, hududni yoritish tizimi bilan taʼminlandi. Noyob daraxt va manzarali butalar, gul koʻchatlari ekildi.
—“Dunyo sadolari” festivali sayyohlarni bir manzilda jamlaydigan tadbir emas, balki, oʻnlab sohalarni rivojlantirish jarayonidir,—deydi viloyat hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. —Boisi, tadbir tufayli savdo, xizmat koʻrsatish, ovqatlanish, transport xizmatlari faoliyati yanada kengayadi. Qolaversa, mahalliy hunarmandlar, sport maktablari, yoshlar markazi, madaniyat boʻlimlari xodimlari ham bu yerda oʻz xizmatlarini taqdim etib, tadbirni koʻngilli oʻtishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, “Dunyo sadolari” orqali Xonobod nafaqat goʻzal tabiati va tinch muhiti, balki yangi turizm modeli, zamonaviy infratuzilma, milliy meros va xalqaro aloqalar bilan dunyoga yuzlanmoqda. Unga sarflanayotgan mablagʻlar kelajakdagi turistik xazinaning poydevori boʻladi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring