Xitoyliklar Fargʻonada gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi

14:27 19 Iyun 2024 Jamiyat
407 0

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyga tashrifi davomida China Xiaou Group kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat hududida 3 bosqichda 1,5 mlrd. dollar toʻgʻridan toʻgʻri Xitoy investitsiyasi hisobiga yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.

«China Xiaou Group rahbari Xuan Xe bilan oʻtkazilgan muzokaralar davomida ushbu loyihaning dastlabki bosqichida 50 mln. dollar investitsiya hisobiga yigʻish, boʻyash, sozlash liniyalarini yoʻlga qoʻyib, yiliga 60 mingta gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqarilishi belgilandi. Ikkinchi bosqichda 350 mln. dollar va uchinchi bosqichda 1,1 mlrd. dollar investitsiya yoʻnaltirilib, butlovchi qismlarning koʻpi mahalliylashtirilishi hamda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning soni 110 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Loyiha 5-yil davomida toʻla yakunlanishi rejalashtirilgan.

Viloyat rahbari boshchiligidagi delegatsiya Chjenszyan shahrida joylashgan, China Xiaou Group kompaniyasining hamkori hisoblangan BAIC Bluepark Magna Automobile zavodida ham boʻlib, elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. Yangi avtomobil modellarini ishlab chiqish hamda tadqiq etishga ixtisoslashgan ushbu korxonada asosan Arcfox, shuningdek, BJEV hamda Huawei texnologiyalari qoʻllanilgan Stelato modellarida yiliga 150 mingdan ziyod elektromobillar ham ishlab chiqariladi», deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?