Xavfsizlik belgisi — sogʻlom ovqatlanish kafolati

17:27 11 Noyabr 2020 Jamiyat
1323 0

Bugun bozor va savdo rastalarida sotuvga qoʻyilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga aniq kafolat beruvchi belgi yoki tamgʻa bormi? Afsuski yoʻq. Faqat oziq-ovqat mahsuloti qadoqlanayotgan paytda uning chiqqan va amal qilish muddatlari sanasi belgilab qoʻyilgan, xolos. Demak, ishlab chiqaruvchi ham, yetkazib beruvchi ham va yoki savdo tashkiloti ham oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi uchun javobgarlik masalasida tortishish imkoniyati mavjud.

Albatta, bu holat isteʼmolchi sifatida aholining sogʻlom ovqatlanish meʼyorlariga salbiy taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Ovqatdan zaharlanish yoki turli kasalliklarga chalinish holatlari roʻy berganda ham bu masalada oʻzining javobgar sanaydigan tashkilotni topish amri mahol boʻladi. Sababi savdo rastalariga soxta brend bilan mahsulotlar kirib kelayotganini ham tan olmaslikdan boshqa ilojimiz yoʻq.

Yaqinda, toʻgʻrirogʻi 2020-yilning 10-noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori aynan yuqoridagi muammolarni bartaraf etishda muhim asos boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir. Qarorda oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori inson sogʻligi uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini koʻrsatuvchi xavfsizlik belgilari bilan tamgʻalash 2021-yilning 1-iyulidan boshlab ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi belgilandi. Ammo yuqorida belgilangan sanadan boshlab, taʼlim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamgʻalanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.

2025-yilning 1-yanvaridan boshlab, respublika hududiga realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va mahalliy ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizlik belgilari bilan majburiy tamgʻalanadi. Bu albatta, xalqimizning savdo nuqtalaridan xavfsizligi taʼminlangan haqiqiy oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish imkoniyatini yaratadi.

Zero, davlatimiz tomonidan aholining sogʻlom ovqatlanishi, ommaviy sport bilan band boʻlishi va sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi uchun katta gʻamxoʻrliklar qilinyapti. Bu saʼy-harakatlar oʻzining samarasini berishida biz deputatlar ham xalq orasida Prezident farmon va qarorlarini targʻib qilishda faol ish olib borishimiz lozim.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер