“Kartochkalar qiroli”, Ronalduni urushib bergan va jurnalistlar bilan bahslashishdan charchamaydigan mutaxassis

21:50 27 Avgust 2025 Sport
322 0

Shu kunlar futbol jamoatchiligi orasida portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishi haqida gap-soʻzlar yuribdi. Aytishlaricha, murabbiy 28-avgust kuni yurtimizga keladi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtadi. Bu gaplar haqiqatga qanchalik yaqinligini albatta vaqt koʻrsatadi. Ungacha bu mutaxassis bilan yaqindan tanishib turamiz.

Paulu Bentu kim?

Asli ismi Paulu Jorje Gomesh Bentu boʻlgan bu mutaxassis 1969-yilning 20-iyun kuni Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida ishchilar oilasida tugʻilgan.

Pauluning onasi oʻz intervyularidan birida uning 6 yoshidan futbol oʻynay boshlaganini va darslardan ham koʻproq maydonda vaqt oʻtkazganidan xavotir olgani haqida aytgan. U yoshligidan juda sovuqqon va jiddiy inson boʻlib ulgʻaygan. Shu sabab doʻstlari Pauluga “Qattiqqoʻl kichik murabbiy” deb laqab qoʻyishgan.

U oʻz intervyularida maktabda yaxshi oʻqigani va ayniqsa, matematikaga juda qiziqqani borasida gapirgan. Taktik futbol tuzishda va raqamli futbol tahlillarida matematikani yaxshi bilishi unga juda qoʻl kelganini taʼkidlagan.

Qizigʻi, Paulu bolalik paytlarida umuman futbolchi boʻlishni orzu qilmagan. U politsiyachi boʻlish bolalikdagi orzusi boʻlganini va keyinchalik futbol uni maftun etganini aytgan.

Paulu dastlab kichik mahalliy klublarda, keyinroq “Benfika” futbol jamoasining akademiyasida futbol bilan professional shugʻullanishni boshlagan. Ammo, individual jihatdan kuchli boʻlmagan Bentu “Benfika”ning asosiy jamoasidan oʻrin ololmagani bois, keyinchalik “Estrela da Amadora” jamoasiga oʻtadi va aynan ushbu klubda professional futboldagi debyutinni nishonlaydi.

Taʼkidlash kerakki, Bentuning futbolchilik faoliyati yaxshi oʻtgan emas. “Benfika” va “Sporting”da bir muddat oʻynaganini inobatga olmasak, uning futbolchilik faoliyatida boshqa koʻzga tashlanadigan yutugʻi yoʻq.

Uning futbolchilik faoliyati asosan qoʻpolligi bilan yodda qolgan. Oʻsha kezlari mahalliy muxlislar Bentuni “Kartchokalar qiroli” deb atashgan.

Paulu 2004-yil futboldagi professional faoliyatini yakunlagan va shu yildan “Sporting”ning yoshlar murabbiyi sifatida ishlay boshlagan.

Baholanishi qiyin murabbiy

Paulu Bentuning 20-yildan beri davom etib kelayotgan murabbiylik faoliyatini yaxshi deb baholash ham, yomon deb baholash ham qiyin. Har ikkisi uchun dalillar yetarli. Keling, yaxshi va yomon natijalarini alohida koʻrib chiqamiz.

Yaxshi natijalari

Bentu “Sporting” klubida, shuningdek, Portugaliya va Janubiy Koreya milliy terma jamoalarida ishlagan. Bu jamoalar hammaga ham ishonib topshirilavermaydi. Demak, shu narsani oʻzi ham uni yomon murabbiy deb atashimizga toʻsqinlik qiladi.

Uning boshchiligida Portugaliya terma jamoasi 2012-yilgi Yevropa chempionatining yarim finaliga qadar yetib boradi va penaltilar seriyasida Ispaniyaga magʻlub boʻladi. Agar oʻsha oʻyinda Nani xudbinlik qilmaganida Portugaliya finalda oʻynagan, balki chempion ham boʻlgan boʻlardi.

Paulu Bentu 2-marta Jahon chempionatida qatnashgan murabbiy. Demak, unda mundial haqida yaxshigina koʻnikmalar bor.

2022-yili Bentu boshchiligidagi Janubiy Koreya terma jamoasi jahon chempionatining nimchorak final bosqichiga chiqishni uddaladi. Guruh bosqichidagi hal qiluvchi bahsda koreyslar aynan uning toʻgʻri tanlagan taktikasi tufayli Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyadan ustun kelishdi.

Yomon natijalari

“Sporting” jamoasini 4-yil davomida boshqargan Paulu Bentu biror marta jamoani chempion qila olmadi. Yevropa chempionlar ligasida atiga bir marta guruhdan chiqish vazifasi uddalandi. Unda ham klub nimchorak finalda “Bavariya”dan 12 ta gol qabul qilib oldi.

2014-yilgi jahon chempionatida u boshchiligidagi Portugaliya ishtirokini guruh bosqichida yakunladi. Vaholanki, ushbu jamoa joy olgan guruhda Amerika Qoʻshma Shtatlari va Gana kabi Ronaldu jamoasi saviyasida boʻlmagan raqiblar bor edi.

Bentuning Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasidagi faoliyati esa undan-da yomonroq boʻldi. Dastlab, jamoasi 2024-yil boshida oʻtgan Osiyo kubogi musobaqasining nimchorak finalida Tojikiston terma jamoasiga magʻlub boʻldi. Lekin Birlashgan Arab Amirliklari futbol federatsiyasi jahon chempionati saralashida ham qahramonimizga ishonch bildirdi. Ammo, natija yana salbiy.

Qator braziliyalik futbolchilarni mahalliylashtirishni uddalagan Bentu boshchiligidagi Birlashgan Arab Amirliklari termasi jahon chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kirita olmadi. Natijada rahbariyat Paulu Bentuni isteʼfoga chiqardi.

Uslubi va xarakteri

Paulu Bentuni aynan bir uslubdagi mutaxassis sifatida baholash qiyin. U koʻp yillik faoliyati davomida juda koʻplab uslublarda jamoalarini oʻynatib koʻrgan. Odatda u borgan joyining sharoitiga qarab oʻyin qurgan. Shu bois uning oldingi ishlari haqida koʻp ham muhokama qilishimiz, hozircha toʻgʻri emas.

Uning xarakteri juda ogʻir. U odatda oʻz qoʻl ostidagi futbolchilar bilan juda koʻp tortishib qoladi. Hatto u 2014-yilgi jahon chempionati paytida Krishtianu Ronalduga qarata: “Menga yulduz emas, intizomli jamoa kerak”, – deb aytgan.

Lekin koʻp nashrlar Bentuni kuchli psixolog ekanligi haqida yozishgan. Ularning iddaosicha, Paulu mashgʻulotlarda va maydonda futbolchilar bilan stressli vaziyatlarni ataylab sodir etadi va bu orqali ularning ruhiy chidamliligini sinaydi.

Uning ogʻir xarakteri bot-bot oʻyindan keyingi matbuot anjumanlarida ham koʻrinadi. Uning jurnalistlar bilan koʻpincha tortishib qolishi odatiy holatga aylangan.

Bentu Oʻzbekistonga kerakmi?

Yuqoridagilarni oʻqigan boʻlsangiz, albatta bu savolga “yoʻq” deb javob berishingiz mumkin. Lekin nima boʻlgan taqdirda ham Paulu Bentu ayni paytda Oʻzbekiston darajasidan yuqoriroq ekanligini tan olishga majburmiz.

Balkim, u terma jamoamiz bilan faoliyatidagi eng yaxshi damlarni oʻtkazar. Buni esa vaqt koʻrsatadi, albatta…

Hozircha, Paulu Bentu Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligi tasdiqlanganicha yoʻq. Agar bu ish rostdan roʻy bersa, unga omad tilaymiz. Qolgan gaplar kelganidan keyin gapirilgani toʻgʻri boʻladi.

Muhammadamin ZUXRIDDINOV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер